Moskva diplomatlarni Kiyevni tark etishga chaqirmoqda
Rossiya Kiyevda yashayotgan xorijlik fuqarolar va diplomatlarga shaharni tark etish lozimligini aytdi, deb xabar berdi Euronews.
Evakuatsiya haqidagi ogohlantirish Rossiyaning Kiyevga keng ko‘lamli raketa va dron hujumini amalga oshirganidan bir kun o‘tgach e’lon qilindi. Bu 2022-yildan beri Ukraina poytaxtiga qilingan eng yirik hujumlardan biri, deb aytilmoqda.
Hujumlar oqibatda ikki kishi halok bo‘lgan va 90 dan ortiq odam jarohat olgan.
“Rossiya Qurolli kuchlari Kiyevdagi Ukraina harbiy-sanoat ob’ektlariga tizimli zarbalar berishni boshlamoqda. Xorijlik fuqarolarni, jumladan diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar xodimlarini imkon qadar tezroq shaharni tark etishga chaqiramiz” - deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, bu qilingan hujum Ukrainaning bir necha kun oldin Rossiya nazoratidagi Lugansk hududidagi kasb-hunar kollejiga qilgan hujumiga javob bo‘lgan. U yerda 21 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.
Oy boshida ham Rossiya xorijlik fuqarolar va diplomatlarni Kiyevni tark etishga chaqirgan va Ukraina Qizil maydondagi harbiy paradni izdan chiqarishga urinsa, poytaxt markaziga kuchli zarbalar berilishini bildirgan edi.
Dushanba kuni mahalliy aholi va kommunal xizmatlar Rossiyaning yakshanba kungi hujumidan keyingi vayronalarni tozalash ishlarini olib bordi. Kiyev shahar ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan va 91 kishi jarohatlangan.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga boshchiligida 70 dan ortiq elchi Rossiya zarbalari tushgan joylarga borgan va ular xususiy uylar, ko‘p qavatli turar joy binolari va bozorni ko‘zdan kechirgan. Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi bir sutka ichida vayron qilingan uy-joylar uchun tovon puli olish bo‘yicha 986 ta ariza kelib tushgan.
<iframe width="1256" height="706" src="https://www.youtube.com/embed/dhGEE_RjPZM" title="Moskva diplomatlarni Kievni tark etishga chaqirmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA