Eronda internet qayta tiklanadi
Eron prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon mamlakatda xalqaro internetga kirishni tiklashni buyurdi, deyiladi DW tarqatgan xabarda.
Bu haqda 25-may kuni Eronning davlatga qarashli Fars agentligi ham xabar bergan. Ma’lum qilinishicha, mazkur qaror avvalroq internetdan foydalanishni aholi uchun qayta ochishni ma’qullagan maxsus ishchi guruh qarori ortidan qabul qilingan. Raqamli cheklovlarni qachon bekor qilish bo‘yicha aniq muddatlar hozircha aytilmagan.
Global internetga kirish Eron hukumati tomonidan AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng, 28-fevral kuniyoq to‘sib qo‘yilgan edi. Shundan keyin 90 millionlik Eron aholisi faqat davlat tomonidan tasdiqlangan saytlarga kirish imkonini beruvchi milliy internetdan foydalanishi mumkin bo‘lgan.
Harbiy harakatlar boshlanishidan avval ham Tehron hukumati 2026-yil yanvar oyidagi hukumatga qarshi namoyishlar paytida internetni o‘chirgan edi. Internetning o‘chirilishi jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarga olib keldi. Xususan, onlayn savdo bilan shug‘ullanuvchi taxminan 1 million eronlik cheklovlardan zarar ko‘rgan va ularning daromadlari keskin kamayib ketgan.
Eron hukumati internet cheklovini milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan zarur bo‘lganini ta’kidlagan. Biroq kuzatuvchilarning fikricha, cheklovlar Tehronning urush oqibatida yetkazilgan zararning haqiqiy ko‘lamini yashirish istagi bilan bog‘liq.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/jaCG_pVstPo?si=E2M606DEGfHRx2RQ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA