Moliyaviy jarimaga oid qaror bekor qilinganda mablag‘lar qaytariladi
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida bir qator dolzarb qonun loyihalari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida moliyaviy sanksiyalarni qo‘llashning aniq va yagona huquqiy mexanizmlarini belgilash, yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasida moliyaviy jarimalarni qo‘llashning yagona, aniq va shaffof tartibini belgilash, moliyaviy sanksiyalarni ixtiyoriy va yengillashtirilgan tartibda ijro etish mexanizmlarini joriy qilish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlar bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilganda, qonunga xilof ravishda undirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida va to‘liq qaytarish orqali tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, moliyaviy javobgarlikni qo‘llash tartibini yanada yengillashtirish belgilanmoqda. Bu tadbirkorlarni asossiz yoki ortiqcha moliyaviy jazolardan himoya qilishga imkon beradi.
Muhokamalarda bir qator savollar o‘rtaga tashlandi va mas’ullar tomonidan tegishli tushuntirish berildi.
M.Komilova, O‘zA