Moliya bozorida iste’molchilar huquqlari himoyasi muhokama qilindi
Moliyaviy xizmatlar bozorida aholi ishonchini mustahkamlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish bugungi kunda eng dolzarb vazifalardan biriga aylanmoqda.
Ayniqsa, bank, to‘lov va sug‘urta xizmatlari kengayib borayotgan sharoitda bu sohada zamonaviy va samarali himoya mexanizmlarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamkorligida moliya sektorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Seminarni Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi E.Gadoyev kirish so‘zi bilan ochib, moliya sektorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda yangi konsepsiya va tamoyillar hamda xalqaro tajribalar asosida huquqiy-normativ hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Raqobat qo‘mitasi raisi H.To‘raxo‘jayev, iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish — moliyaviy bozorga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashning eng muhim omili ekani, shuningdek, mazkur yo‘nalishga xalqaro va milliy standartlarni joriy etish, davlat organlari va moliyaviy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish dolzarb masalalardan biri ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbir davomida moliyaviy xizmatlar bo‘yicha iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda yangi, zamonaviy uslublar, moliyaviy xizmatlarda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, iste’molchilarga to‘liq va tushunarli axborot taqdim etish amaliyoti, iste’molchilardan tushayotgan murojaat va nizolarni hal qilish kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Seminar yakunida xalqaro standartlarni milliy amaliyotga joriy etish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
N.Rahmonova,
O‘zA