Misr tashqi ishlar vaziri “WAM”ga intervyu berdi
Hamkorlarimiz sahifalarida
Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi - “COP27” Misrning Sharm Ash-Shayx shahrida bo‘lib o‘tadi.
– Ushbu sessiya shiddatli geosiyoiy va geoiqtisodiy keskinlik, global qutblanish vaziyatida bo‘lib o‘tadi, – dedi Misr tashqi ishlar vaziri Samih Shukriy Qohiradagi TIV qarorgohida BAA axborot agentligi muxbiriga bergan intervyusida. – Ayni hodisa umumiy muammolar, ayniqsa, iqlim o‘zgarishini hal qilishni murakkablashtirmaydi, deb umid qilamiz. Ushbu muhim anjumanni davom etayotgan xalqaro mojaro, nizo va bo‘linishdan xalos qilishimiz kerak. Zero, iqlim o‘zgarishining oldini olishdagi har qanday muvaffaqiyatsizlik yoki bu boradagi mas’uliyat, majburiyatdan birozgina chekinish ham dunyoni "qaytib bo‘lmas fojiali nuqtaga" olib boradi. Bu holda iqlim o‘zgarishining o‘ta xavfli oqibatlari vujudga kelishi mumkin. Shu yil Kongo Demokratik Respublikasida bo‘lib o‘tgan vazirlar darajasidagi norasmiy uchrashuvda hamda “COP27”ga tayyorgarlik yig‘ilishida barcha manfaatdor tomonlarga xabar yuborgan edik. Bu barcha tomonlar o‘z majburiyatini bajarishlari, insoniyat oldida turgan iqlim o‘zgarishiga doir ekzistensial muammoga e’tibor qaratishlari kerak, degani. Xalqaro mojaro, inqiroz va global qutblanish hech qanday holatda bu sohaga tarqalmasligini ta’minlashimiz kerak.
Shukriy global o‘rtacha harorat ko‘tarilishini Selsiy bo‘yicha 2 darajadan ancha past ko‘rsatkichda ushlab turish, harorat oshishini 1,5 gacha cheklash bo‘yicha sa’y-harakatni davom ettirish zarurligi to‘g‘risidagi xalqaro hisobotni ham taqdim etdi. “Agar global isish 1,5 darajadan oshib ketishiga yo‘l qo‘ysak, salbiy oqibatlar muqarrar bo‘lib qoladi va keyin dunyo avvalgi holatiga qayta olmaydi”, deya ogohlantirdi u.
Muharrama Pirmatova, O‘zA