Eron o‘z harbiy salohiyatining katta qismini saqlab qolgan
Razvedka ma’lumotlari Donald Tramp va uning harbiy maslahatchilari AQSH qo‘shinlarining Eron harbiy tizimlariga yetkazgan zararini ortiqcha baholaganligini ma’lum qildi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
AQSH rasmiylarining “Eron harbiy jihatdan mag‘lub etildi” degan bayonotlari razvedka ma’lumotlari bilan mos kelmaydi. Unga ko‘ra, Eron hozir ham mamlakat hududidagi mobil raketa uchirish qurilmalarining taxminan 70 foizini boshqara oladi va urushdan oldingi raketa zaxirasining qariyb 70 foizini saqlab qolgan.
Bu zaxiraga mintaqadagi boshqa davlatlarga zarba berishi mumkin bo‘lgan ballistik raketalar hamda qisqa masofaga mo‘ljallangan qanotli raketalar kiradi.
Eng katta xavotirlardan biri — Eronning Hurmuz bo‘g‘ozi atrofida joylashgan 33 ta raketa kompleksidan 30 tasini yana jangga tayyor holatga keltirganidir. Ular AQSH harbiy kemalari va neft tankerlariga tahdid solishi mumkin.
Shuningdek, razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Eron mamlakat bo‘ylab joylashgan yer osti raketa omborlari va uchirish qurilmalarining taxminan 90 foiziga qayta kirish imkoniyatini tiklagan. Ular hozir “qisman yoki to‘liq jangga tayyor” holatda deb baholanmoqda.
Bu ma’lumotlar Donald Tramp va AQSH mudofaa vaziri Pit Xegsetning Eron harbiy salohiyati yo‘q qilingan, degan bayonotlariga zid kelmoqda
Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH armiyasi “Tomahawk”, “Patriot” va boshqa muhim raketalar zaxirasining katta qismini sarflab bo‘lgan.
Agar Eronga qarshi yana qo‘shimcha zarbalar berilsa, bu AQSHning harbiy zaxiralarini yanada kamaytirishi mumkin.
Shuningdek, Yevropa ittifoqi ham Ukraina uchun AQSHdan katta miqdorda o‘q-dori kutayotgani, ammo ta’minot kechikishi ehtimoli borligi aytilmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/qcxgnucav0U?si=k83nl3_tGbglPmZZ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA