Mirzacho‘lni o‘zlashtirgan avlod haqida yangi monografiya
Sirdaryo viloyati Axborot-kutubxona markazida Faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi Sirdaryo viloyati bo‘limi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi hamkorligida «Mirzacho‘lni Gulistonga aylantirgan avlod» nomli yangi monografiya taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Sirdaryo zaminining bugungi qiyofasini yaratishda fidokorona mehnat qilgan avlod vakillari, nuroniylar, jurnalistlar, ziyolilar va jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida «Nuroniy» jamg‘armasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi O‘tbosar Abdiyev ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan muborakbod etib, yangi monografiyaning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Darhaqiqat, ayrim kitoblar borki, ularni o‘qir ekansiz, tarix shunchaki sanalar va raqamlardan iborat emasligini his qilasiz. Ularning har bir sahifasida inson taqdiri, mehnat, orzu va matonat aks etadi. «Mirzacho‘lni Gulistonga aylantirgan avlod» ana shunday asarlar sirasiga kiradi.

Kitob nomi bilanoq o‘quvchini bir davrga — Mirzacho‘lning keng va mashaqqatli o‘zlashtirilish yillariga yetaklaydi. Bir paytlar bepoyon cho‘l bag‘rida hayot barpo etish, suvsiz yerlarga suv chiqarish, yangi qishloq va shaharlarga asos solish, tabiatni o‘zgartirish uchun insondan ulkan iroda va matonat talab etilgan. Bugungi Guliston va Sirdaryo vohasining obod qiyofasi ana shu mashaqqatli mehnatning samarasidir.
Yangi monografiya O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli adib Munavvar Pardayev hamda Guliston davlat universiteti o‘qituvchisi, tarix fanlari dotsenti Sobirjon Ismoilov hammuallifligida yaratilgan.

Asarda, avvalo, Faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi Sirdaryo viloyati bo‘limining keyingi 30 yillik faoliyati keng yoritilgan. Jamg‘arma faoliyatining huquqiy asoslari, amalga oshirilgan ishlar, muhim tashabbuslar va ularning natijalariga oid ma’lumotlar kitobdan o‘rin olgan.
Biroq monografiyaning mazmuni rasmiy ma’lumot va hisobotlar bilangina cheklanmaydi. Unda Sirdaryo nuroniylarining jamiyat hayotidagi o‘rni, mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, yosh avlod tarbiyasi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va jamoatchilik tashabbuslaridagi ishtiroki ham keng yoritilgan.
Zero, nuroniy — hayot maktabining katta tajribasiga ega inson. Uning xotirasida kechagi kunning ko‘plab voqealari, insonlarning taqdiri va mehnati saqlanadi. Shu bois nuroniylar haqida yozish — bir avlod haqida yozish barobarida, butun bir davr xotirasini asrab qolish demakdir.

Mirzacho‘lni o‘zlashtirgan avlodning hayot yo‘li esa alohida e’tirofga loyiq. Cho‘lga suv olib kelish, yerni unumdor qilish, og‘ir sharoitda mehnat qilish va shu zaminda yangi hayot barpo etish — bu ishlar ortida minglab insonlarning sabr-toqati, jasorati va fidoyiligi mujassam.
Kitobning nomi ham bejiz tanlanmagan. Mirzacho‘lni Gulistonga aylantirganlar — avvalo, fidoyi insonlar edi. Ular cho‘l bag‘rida yangi hayot uchun zamin yaratdilar, obod maskanlar barpo etdilar, o‘z mehnati bilan kelajak avlod uchun mustahkam poydevor qoldirdilar.

Monografiyada nuroniylarning bugungi faoliyatiga ham munosib o‘rin ajratilgan. Ular yoshlar bilan uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, jamoatchilik ishlari va turli xayrli tashabbuslarda faol ishtirok etib, o‘z hayotiy tajribasini yosh avlodga yetkazib kelmoqda.
Taqdimotda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zolari Akbarali Mirzaahmedov, Bahrom Boymurodov, faxriy jurnalist Tohir Samiyev va boshqalar yangi kitobning ahamiyati, unda jamlangan tarixiy ma’lumotlar va nuroniylar faoliyatining yoritilishi xususida fikr mulohazalarini . bildirdilar.
Ta’kidlash joizki, bunday asarlar o‘tmishni yodga olish bilangina cheklanmaydi. Ular bugungi avlodga tinch va farovon hayot, obod shahar va qishloqlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaganini, ularning zamirida katta mehnat, sabr va fidoyilik borligini anglashga yordam beradi.

«Mirzacho‘lni Gulistonga aylantirgan avlod» monografiyasi ham ana shu ma’naviy vazifani bajaradi. Unda tarixiy xotira, inson qadri va avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlik uyg‘unlashgan.
— Ta’kidlash joizki, «Mirzacho‘lni Gulistonga aylantirgan avlod» Munavvar Pardayevning nuroniylar hayoti va «Nuroniy» jamg‘armasi faoliyatiga bag‘ishlangan ilk asari emas. Bunga qadar adibning «Nurli manzillar», «Qadr va qadriyat», shuningdek, Bahor Xobekova bilan hammualliflikda yaratgan «Navqiron Sirdaryo nuroniylari» nomli kitoblari kitobxonlarga taqdim etilgan.
Yangi monografiya esa ushbu izlanishlarning mantiqiy davomi sifatida yuzaga kelgan. Asarda nuroniylarning jamiyat hayotidagi o‘rni, boy hayotiy tajribasi va ibratli faoliyati bilan bir qatorda, avlodlar xotirasini asrash, o‘tmish saboqlarini kelajakka yetkazish g‘oyasi ham chuqur ifodalangan. Zero, kechagi kunni qadrlagan jamiyatgina bugungi yutuqlarining haqiqiy qimmatini anglaydi va ertangi kunga ishonch bilan qadam qo‘yadi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Dilorom Ismadiyorova.

Tadbir so‘nggida «Nuroniy» jamg‘armasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi O‘tbosar Abdiyev adib Munavvar Pardayevga kitobni yaratishdagi mehnati uchun minnatdorchilik bildirdi. Adibga to‘n yopilib, tadbir ishtirokchilariga mazkur kitoblardan sovg‘alar ulashildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri