Mintaqaviy hamkorlikning yangi imkoniyatlari
Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash faqat davlatlar o‘rtasidagi rasmiy aloqalar bilan cheklanmaydi. Bu jarayonda yosh avlod vakillari, xususan, siyosiy va jamoatchilik sohasida faoliyat yuritayotgan yosh yetakchilarning o‘zaro muloqoti ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bugun o‘zaro fikr almashib, hamkorlik tashabbuslarini ilgari surayotgan yoshlar ertangi kunning qaror qabul qiluvchi va mintaqaviy munosabatlarni rivojlantiruvchi kuchidir.
Shu nuqtai nazardan, Toshkent shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yosh yetakchilarini birlashtirgan ilk mintaqaviy dasturning tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surayotgan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash siyosati bu kabi tashabbuslar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Yuksalish” harakati hamda Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan dasturda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan 20 nafardan ortiq yosh siyosatchi, deputat, davlat xizmatchisi hamda jamoat arboblari ishtirok etishdi.
Dasturning asosiy maqsadi — mintaqa yosh yetakchilari o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, tajriba almashish, umumiy muammolarga birgalikda yechim izlash va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashdan iborat. Shu bois uchrashuvlar faqat rasmiy muloqotlar bilan cheklanmay, amaliy tashriflar, ochiq suhbatlar va fikr almashuvlar bilan ham boyitildi.
Ishtirokchilarning Buxoro viloyatiga tashrifi ham ana shu maqsadlarga xizmat qildi. Xususan, mehmonlar yirik paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati bilan tanishib, qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, ishlab chiqarishni tashkil etish va eksportbop tayyor mahsulotlar yaratish jarayonlari haqida ma’lumot olishdi.
Ularga paxta yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlash, to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va tashqi bozorlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan yaxlit texnologik zanjir namoyish etildi. Bu orqali mehmonlar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va sanoat integratsiyasi, ishlab chiqarish salohiyati hamda milliy mahsulotlarning xalqaro bozordagi o‘rni haqida atroflicha tasavvurga ega bo‘lishdi.
[gallery-32266]
Tashrifning yana bir muhim jihati shundaki, Buxorodagi amaliy tajriba ishtirokchilarga iqtisodiy hamkorlikning imkoniyatlarini bevosita ko‘rish, o‘zaro manfaatli aloqalar uchun yangi yo‘nalishlarni belgilash imkonini berdi. Zero, mintaqaviy hamkorlikning samarasi faqat kelishuvlarda emas, balki bir-birining imkoniyatlarini anglash, tajribalarni o‘rganish va ular asosida aniq tashabbuslarni shakllantirishda namoyon bo‘ladi.
Mehmonlar uchun qadimiy Buxoro shahrining diqqatga sazovor joylari va tarixiy obidalari bo‘ylab sayohatlar ham tashkil etildi. Asrlar davomida turli xalqlar, madaniyatlar va savdo yo‘llari tutashgan bu zaminning boy tarixi, me’moriy merosi va milliy qadriyatlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bunday madaniy muloqot esa xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Umuman, mazkur mintaqaviy dasturning ahamiyati besh davlatdan kelgan yoshlarning bir maydonda jam bo‘lgani bilangina belgilanmaydi. Eng muhimi, u davlatlararo munosabatlarda yangi avlod muloqoti uchun zamin yaratib, yosh yetakchilarni umumiy maqsadlar atrofida birlashtirishga qaratilgani bilan e’tiborlidir.
Kelgusida ishtirokchilar tarmog‘ini kengaytirish, muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish va shu kabi uchrashuvlarni mintaqaning boshqa davlatlarida ham tashkil etish rejalashtirilgan. Bu esa bugungi tanishuv va fikr almashuvlar ertaga qo‘shma loyihalar, amaliy tashabbuslar va mustahkam sheriklik munosabatlariga aylanishi uchun imkoniyat yaratadi.
Zero, mintaqaning umumiy kelajagi haqida gap ketganda, yoshlarning fikri, tashabbusi va mas’uliyati alohida o‘rin tutadi. Bugun o‘rnatilgan ishonchli muloqot ertangi kun hamkorligining mustahkam poydevori bo‘lishi mumkin.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari