Qashqadaryo viloyati jamoasi mintaqaviy bosqich g‘olibi
Qashqadaryoda “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida havaskor futbolchilar o‘rtasida respublika mini-futbol musobaqasining mintaqaviy bosqichi o‘tkazildi.
Qashqadaryoda “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida havaskor futbolchilar o‘rtasida respublika mini-futbol musobaqasining mintaqaviy bosqichi o‘tkazildi.O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi tashabbusi bilan qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlari jamoalari bahslashdi.
Prezidentimizning shu yil 2-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan musobaqada mamlakatimizda sportni ommaviylashtirish orqali oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy baquvvat va yuksak salohiyatli avlodni voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Qashqadaryo viloyati jamoasi birinchi o‘rinni egalladi va musobaqaning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga Navoiy hamda Buxoro viloyati jamoalari sazovor bo‘ldi.
– O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining boshlang‘ich tashkiloti faoliman, – deydi Qashqadaryo viloyati jamoasi sardori Sh.Ro‘ziqulov. – Bo‘sh vaqtimizda ko‘proq sport bilan shug‘ullanamiz. Buning uchun shahrimizda barcha sharoit yaratilgan. Bu nafaqat sog‘ligimiz uchun foydali, balki ishimizda samaradorlik oshishiga ham yordam bermoqda.