Mintaqa yosh yetakchilari O‘zbekiston tajribalarini o‘rganmoqda
Yurtimizda o‘tkazilayotgan «Markaziy Osiyo yosh yetakchilari» mintaqaviy dasturi doirasidagi tadbirlar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon Respublikasining yetakchi yoshlari qator idora va tashkilotlarda bo‘lib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari bilan tanishmoqda, yoshlar siyosatiga oid tajribalarimizni o‘rganmoqda.
Jumladan, delegatsiya vakillari Turizm qo‘mitasida bo‘lib, qo‘mita raisi Abdulaziz Aqqulov bilan muloqot qildi.
Mintaqa yosh liderlari bilan suhbat davomida Markaziy Osiyo turizmda raqobatchi emas, balki yagona sayyohlik makoni ekani alohida e’tirof etildi. Buyuk Ipak yo‘li shaharlari asrlar davomida mintaqa xalqlarini o‘zaro bog‘lab kelgani aytib o‘tildi.

Bugun mintaqaning mavjud turistik salohiyatidan foydalanib, qo‘shma turistik yo‘nalishlar tashkil etish, sayohatchilar uchun chegara va viza tartiblarini soddalashtirish, transport hamda aviaqatnovlarni kengaytirish kabi masalalar muhokama qilinib, yosh yetakchilarning fikrlari, takliflari tinglandi.
Shuningdek, mintaqa yosh yetakchilari poytaxtimizdagi IT Parkka tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdilar.

Taqdimotda bugun dunyoda raqamli texnologiyalarning o‘rni oshib borayotgani, bu borada O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni, IT Park rezidentlari uchun soliq imtiyozlari, IT-Visa va IT kompaniyalarga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida so‘z bordi.
Delegatsiya vakillari “Agroplatforma” va DMED yagona tibbiy axborot tizimi kabi raqamli loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
M.Komilova,
O‘zA