Mineral resurslar: qidiruv, texnologiya va investitsiya
Mineral resurslar salohiyatidan samarali foydalanish, yangi konlarni aniqlash va xomashyoni yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarga aylantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan. Ushbu yo‘nalishda ilg‘or texnologiyalar va investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.
Aynan shu masalalar Samarqand shahrida tashkil etilgan "C5+1" biznes-forumi doirasidagi "Mineral resurslar va tog‘-kon sanoati" mavzusidagi tarmoq sessiyasida ko‘rib chiqildi. Muloqotdan ko‘zlangan maqsad Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH o‘rtasida tog‘-kon sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga qaratildi.
Sessiyada Markaziy Osiyo davlatlari va AQSHning davlat idoralari, xalqaro moliya institutlari, tog‘-kon va texnologiya kompaniyalari vakillari, investorlar hamda soha mutaxassislari qatnashdi. Tadbir AQSH Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi Amerika delegatsiyasining tashrifi doirasida o‘tkazildi.

Sessiyani ochib bergan O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov mamlakatda tarmoqni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, investitsiyaviy imkoniyatlar va ustuvor yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi. U yer qa’riga oid qonunchilikni takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va uzoq muddatli sarmoyalarni jalb qilish muhimligini ta’kidladi.
Muloqot davomida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi konlarni o‘zlashtirish, mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish, strategik minerallarni qazib olish va qayta ishlash istiqbollari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, qo‘shma korxonalar tashkil etish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, malakali kadrlar tayyorlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga e’tibor qaratildi.
Panel munozarasida AQSH va Qozog‘istonning tegishli tashkilotlari, xalqaro kompaniyalar, ta’lim muassasalari hamda investitsiya tuzilmalari vakillari ishtirok etib, tog‘-kon sanoatini rivojlantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Shuningdek, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, texnologik uskunalar yetkazib berish va O‘zbekiston korxonalari bilan amerikalik hamkorlar o‘rtasidagi amaliy aloqalarni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Tarmoq sessiyasidan so‘ng biznes va davlat tuzilmalari vakillari ishtirokida B2B va G2B formatlarida uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va kelgusi hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Vazirlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, "C5+1" biznes-forumi raqamli texnologiyalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash, mineral resurslar, energetika va transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, moliya hamda investitsiyalarga bag‘ishlangan qator tarmoq sessiyalarini qamrab oldi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA