Dunyo sport gimnastikachilari Toshkentda jam bo‘ladi
Mamlakatimizda sport gimnastikasini aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2025-yil 8-iyuldagi “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan Toshkent shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi o‘tkaziladi.
21-24-may kunlari o‘tadigan mazkur musobaqada Armaniston, Belgiya, Bolgariya, Chexiya, Gruziya, Hindiston, Iordaniya, Islandiya, Qatar, Qozog‘iston, Latviya, Mo‘g‘uliston, Shveysariya, Suriya, Turkiya, Vengriya, Vetnam, Xorvatiya va O‘zbekiston sportchilari g‘oliblik uchun bahs olib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi hamda “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan tashkil etilayotgan jahon kubogi bosqichida erkaklar terma jamoasi tarkibida Asadbek Azamov, Humoyun Islomov, Mansur Rahmatov, Ahrorxon Temirxonov, Ozotilla Abdurasulov va Alisher Boysarov ishtirok etadi.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi tarkibidan sport gimnastikasi afsonasi Oksana Chusovitina, shuningdek Soliha Tursunboyeva, Dildora Aripova va Shaxinobonu Yusufova o‘rin olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA