Oliy ta’limda ingliz tilini o‘qitishni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Bugungi kunda yo‘lga qo‘yilayotgan xalqaro hamkorliklarning salmog‘i tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida bu o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov EFEKTA Education kompaniyasi katta vitse-prezidenti Benjamin M.Xoup bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida ingliz tilini o‘qitish sifatini oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlarini keng joriy etish masalalari muhokama qilindi. Sardor Rajabov bugungi kunda talabalarning xorijiy tillarni, xususan, ingliz tilini puxta egallashi ularning akademik va kasbiy imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Muloqotda ta’lim jarayonini zamonaviy texnologiyalar asosida individuallashtirish, talabalarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ta’lim natijadorligini oshirishga qaratilgan yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, EFEKTA Education kompaniyasining sun’iy intellektga asoslangan ta’lim platformasidan O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishda hamkorlikni davom ettirish, ilg‘or raqamli yechimlarni ta’lim jarayoniga joriy etish va talabalar uchun zamonaviy til o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi.
Sherbek Islomov, O‘zA