Milliy g‘urur va tarixiy xotirani uyg‘otgan premera (+video)
Milliy gvardiya tomonidan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, tarixiy merosga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash hamda milliy kino san’atini qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng qamrovli madaniy tadbir tashkil etildi.
Milliy gvardiya qo‘mondonligi boshchiligida harbiy xizmatchilar, “Temurbeklar maktabi” hamda Harbiy musiqa akademik litseylari o‘quvchilari, shuningdek Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari tarixiy-badiiy film — "Amir Temur" premerasida ishtirok etdi.
Mazkur film buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur hayotining murakkab va sinovlarga boy davrlarini badiiy talqin etadi. Unda, ayniqsa, siyosiy beqarorlik hukm surgan sharoitda uning yetakchilik sari yo‘li, mardonavor kurashlari va tarixiy qarorlari chuqur yoritilgan. Kartina XIV asr o‘rtalarida, Mo‘g‘ullar imperiyasining parchalanishi ortidan yuzaga kelgan murakkab jarayonlar fonida rivojlanadi.
Premera namoyishi O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida bo‘lib o‘tdi. Unda soha mutaxassislari, kino ijodkorlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida Milliy gvardiya hamda Kinematografiya agentligi o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqayotgani alohida ta’kidlandi.
Film namoyishi yosh harbiylar va kursantlarda katta taassurot qoldirdi. Ular buyuk ajdodimizning jasorati, strategik tafakkuri va Vatan ravnaqi yo‘lidagi fidokorona xizmatlaridan ilhom oldi. Ayniqsa, “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari uchun mazkur premera nafaqat madaniy hordiq, balki haqiqiy tarixiy saboq bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, ushbu kino asari xalqaro miqyosda ham katta e’tirofga sazovor bo‘lib, uning namoyish huquqlari dunyoning 120 dan ortiq mamlakatlariga sotilgan. Bu esa milliy kino san’atining nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Mazkur tadbir Milliy gvardiya tizimidagi yoshlar, harbiy xizmatchilar va kursantlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, ularda milliy g‘urur va tarixiy xotiraga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/tFu0IrcOvKc?si=NsjW4fZabxN5W9-7" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
U.To‘xtayev (montaj),
O‘zA