“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining tantanali ochilish marosimidan fotoreportaj
Kecha Surxondaryo viloyati Boysun tumanida milliy an’analar va qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Festival doirasida Boysunning betakror tabiati qo‘ynida milliy urf-odatlar, xalq og‘zaki ijodi namunalari, qadimiy qo‘shiq va raqslar namoyon etilmoqda. Turli mamlakatlardan kelgan folklor jamoalari o‘z chiqishlari orqali madaniy rang-baranglikni yorqin ifodalab, tomoshabinlarga unutilmas taassurotlar taqdim etdi.
Ochilish marosimida milliy liboslar namoyishi, xalq o‘yinlari va an’anaviy hunarmandchilik ko‘rgazmalari festivalga alohida fayz bag‘ishladi. Ayniqsa, sahnada namoyish etilgan musiqiy chiqishlar va teatrlashtirilgan kompozitsiyalar tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
[gallery-29154]
“Boysun bahori” festivali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, boy milliy merosni keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. Festivalning ilk kuniyoq ishtirokchilar va mehmonlar qalbida iliq xotiralar qoldirdi.
Jonibek QO‘ZIMUROV (surat), O‘zA