Millatlar do‘stligiga hissa qo‘shayotgan inson
Ko‘kragidagi orden va medallar Abdukarim Sharipovning qariyb oltmish yillik mehnat yo‘lining bahosi. Ammo uning hayotini faqat mukofotlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Chunki bu insonning asosiy boyligi odamlar bilan til topishish, so‘z orqali qalblarga yo‘l topish va ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikka o‘z hissasini qo‘shishida.
1946-yilda Forish tumanining Uxum qishlog‘ida tug‘ilgan Abdukarim Sharipov 1968-yilda Samarqand davlat universitetining o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetini tamomlagan. Uning keyingi hayoti ilm, matbuot, ma’rifat va jamoatchilik ishlari bilan uzviy bog‘landi.
Uni taniganlar, avvalo, o‘zbek va tojik tillarida birdek ravon so‘zlay olishini ta’kidlaydi. Ammo Abdukarim akaning tilga munosabati shunchaki ikki tilni bilish bilan cheklanmaydi. U uchun til xalqning tarixi, xotirasi, madaniyati va ruhiyatini asrash vositasi.
Bu qarash uning butun mehnat faoliyatida o‘z ifodasini topgan.

1967-yilda otasidan ayrilgan Abdukarim aka yosh bo‘lishiga qaramay, ukalarining taqdiri uchun ham mas’uliyatni zimmasiga oldi. Hayotning erta berilgan bu saboqlari uni mas’uliyatli, tirishqoq va odam dardiga befarq bo‘lmagan inson sifatida shakllantirdi.
1973-yilda Jizzax viloyati tashkil etilgach, yangi hududda gazeta, televideniye va radio faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlandi. Tumanlarda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar viloyat markaziga taklif etildi.
– Gazetaning ilk sonini tayyorlashda ishtirok etdik, – deydi Abdukarim aka o‘sha yillarni eslar ekan.

1974-yilda viloyatning bosh nashrlari – “Jizzax haqiqati” va “Djizakskaya pravda” gazetalari tahririyati tashkil etildi. Abdukarim Sharipov bu jarayonlarning bevosita ishtirokchilaridan biri bo‘ldi. Keyinchalik “Jizzax haqiqati” qoshida Ishchi qishloq muxbirlari universitetini tashkil etib, tumanlardan kelgan 60 nafar yoshu keksaga jurnalistika sirlarini o‘rgatdi.
So‘zga mehr, jurnalistikaga sadoqat uni keyinchalik viloyatdagi ilk nashriyot – “Sangzor”ga yetakladi. Mustaqillikning dastlabki yillarida qog‘oz tanqisligi tufayli yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, Rossiya bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, viloyatlar tipografiyalariga ko‘maklashish kabi mas’uliyatli vazifalarni bajardi.
Ammo bugun Abdukarim Sharipovni faqat faxriy jurnalist sifatida emas, millatlararo totuvlik va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga o‘z umrini bag‘ishlagan faol sifatida ham yaxshi bilishadi. Ayni paytda u Respublika tojik milliy madaniy markazining Jizzax viloyati bo‘limi raisi sifatida ish olib bormoqda.
O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari yashaydi. Mamlakatda 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritmoqda. Bu raqamlar ortida turli til, madaniyat va an’analarning o‘zaro hurmati, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhiti mujassam.

Abdukarim akaning hayot yo‘li ham ana shu muhitning bir kichik, ammo mazmunli ko‘rinishi. U o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
2022-yilda Tojikistonning So‘g‘d viloyatida o‘zbek tilida, O‘zbekistonda esa Jizzax viloyatida tojik tilida ijod qiluvchi qalam ahlining hamkorlikdagi “Mehrnoma” bayozi nashr etildi. Abdukarim Sharipovning tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan 2019-yildan buyon bir necha bor grantlar qo‘lga kiritilib, 5-6 ta kitobning chop etilishiga hissa qo‘shildi. Endi u ikki tilda ijod qilayotgan yoshlarning asarlarini jamlab, kitob holida nashr etishni niyat qilmoqda.
Uning ko‘kragidagi mukofotlar ham ana shu fidokorlikning e’tirofi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan. Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan esa “Do‘stlik” ordeni hamda “Mustaqillikning 35 yilligi” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi.
– Bu mukofotlarni kutmagan edim. Avvalo, uning mas’uliyatini his qildim. 80 yoshga kirib, bu ishonchni oqlay olamanmi, degan o‘y xayolimdan o‘tdi. “Ordenni oldi-yu, ishlashni bas qildi”, deyishmasin, deb hali ham yugurib yuribmiz, – deydi u kulib.

Bu gaplarda Abdukarim akaning fe’l-atvori namoyon: e’tirofdan ko‘ra mas’uliyatni ustun qo‘yadi. 80 ga kirib qolganini bahona qilmaydi. Aksincha, yillar davomida orttirgan tajribasini yoshlarga, jamiyatga va ezgu maqsadlarga xizmat qildirishga intiladi.
U Lola opa bilan birga uch nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Bugun o‘n nafardan ziyod nevaralarning suyukli bobosi. Ammo oila davrasidagi xotirjam hayot bilan cheklanib qolgani yo‘q. Milliy madaniy markazdagi ishlar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar, yangi kitoblar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uning kun tartibida.
– O‘zbekiston ko‘p millatli davlat. Yurtimizda 130 dan ziyod millat vakillari ahil-inoq yashab kelmoqda. Bu eng katta boyligimiz. Milliy madaniy markazlarning asosiy vazifasi ham ana shu ahillikni, do‘stlikni va milliy qadriyatlarni asrashdan iborat, – deydi Abdukarim aka.
Uning bu fikri hayot yo‘liga hamohang. Chunki insonning Vatanga xizmati faqat muayyan lavozim yoki kasb bilan o‘lchanmaydi. Kimdir ilm bilan, kimdir qalami bilan, yana kimdir xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish orqali yurt ravnaqiga hissa qo‘shadi.
Abdukarim Sharipovning qariyb oltmish yillik mehnat yo‘lida esa bularning barchasi bir nuqtada tutashadi: so‘zga sadoqat, millatlararo do‘stlik va elga xizmat.

Balkim, uning ko‘kragidagi mukofotlardan ham ko‘ra qimmatliroq e’tirof shu odamlar ishonchi va ezgu ishlardan qolgan yaxshi nomdir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri