Millat iftixori va ma’naviy yuksalish
Buxoroda buyuk sarkarda va davlat arbobi, ilm-fan hamda madaniyat homiysi bo‘lgan Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Sohibqiron Amir Temur – buyuk sarkarda, davlat arbobi, ilm-fan va madaniyat homiysi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman yurtimizda milliy merosga bo‘lgan yuksak ehtirom, tarixiy shaxslar faoliyatini chuqur o‘rganish va yosh avlodga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Konferensiya viloyat hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamda Buxoro davlat universiteti hamkorligida yuqori saviyada tashkil etildi. Unda viloyat rahbariyati vakillari, soha mutaxassislari, olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi o‘rinbosari B.Adilov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Z.Sharipov, Buxoro davlat universiteti rektori O.Hamidov barcha ishtirokchilarni samimiy qutlab, bunday ilmiy anjumanlar Amir Temur merosini o‘rganish va uning boy ma’naviy qadriyatlarini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. Ular o‘z ma’ruzalarida Sohibqironning nafaqat buyuk sarkarda, balki adolatli davlat boshqaruvchisi, ilm-fan va madaniyat rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk shaxs sifatidagi o‘rnini atroflicha yoritib berdi.
[gallery-28593]
Konferensiya doirasida ishtirok etgan olimlar va mutaxassislar tomonidan Amir Temur va temuriylar davri tarixi, davlat boshqaruvi tizimi, harbiy san’at, ilm-fan, madaniyat va me’morchilik sohalaridagi ulkan yutuqlar yuzasidan ilmiy asoslangan fikr-mulohazalar bildirildi. Xususan, Temuriylar davrida yurtimizda ilm-fan va madaniyatning yuksak taraqqiyotga erishgani, buyuk allomalar yetishib chiqqan davr sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirgani qayd etildi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi tashabbusi bilan nashr etilgan “Temuriylar saltanati: shaxslar va taqdirlar” nomli yangi kitob-to‘plam taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu asar Temuriylar sulolasi davrida yashab o‘tgan buyuk shaxslar hayoti va faoliyatini yoritish orqali tarixiy bilimlarni boyitishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Mazkur ilmiy-amaliy konferensiya Sohibqiron Amir Temurning boy merosini yanada chuqur o‘rganish, uning davlatchilik an’analari va ma’naviy qadriyatlarini keng targ‘ib etish, ayniqsa, yosh avlod qalbida vatanparvarlik, milliy g‘urur va tarixga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.