Migratsiya agentligi sobiq rahbarlariga nisbatan sud hukmi o‘qildi
Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligida rahbarlik lavozimlarida ishlagan bir necha shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligida rahbarlik lavozimlarida ishlagan bir necha shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudlanuvchilar Ravshan Ibragimov (Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘i lavozimida ishlagan), Ulug‘bek Nazarov (agentlik boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan), Alijon Abdullaev (agentligi fuqarolarni chet elda ishga joylashtirish masalalari departamenti Chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lganlarni topish va ro‘yxatga olish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan) va Ozod Maxsudov (agentlik jo‘nab ketishdan oldingi moslashtirish va o‘qitish markazi direktori lavozimida ishlagan)larga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Aziz Obidovning O‘zAga ma’lum qilishicha, mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Orif Qilichev raisligida hamda xalq maslahatchilaridan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilar Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan bir necha jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli, deb topildi.
Sudlanuvchilarning barchasi uch yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi. Shu bilan birga, R.Ibragimovga 12 yil, U.Nazarovga 12 yil, A.Abdullaev 11 yil, O.Maxsudov 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Tayinlangan jazolarni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.