Jizzax viloyati Soliq boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi
Jizzax viloyati soliq organlarida navbatdagi kadrlar tayinlovi amalga oshirildi. Yangi rahbar zimmasiga davlat byudjeti daromadlarini barqaror ta’minlash, raqamli soliq ma’muriyatchiligini rivojlantirish va tadbirkorlik sub’ektlariga xizmatlar sifatini yanada oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuklatildi.
Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov hamda Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda davlat rahbarining iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish, soliq ma’muriyatchiligini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, hududlarni kompleks rivojlantirish va tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalari ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Jizzax viloyati Soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Anvarov Alisher Haybulloyevich tayinlangani e’lon qilinib, u jamoaga tanishtirildi.

Alisher Anvarov 1982-yilda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli mutaxassis mehnat faoliyatini 2005-yilda soliq xizmati tizimida inspektor sifatida boshlagan. Keyingi yillar davomida sohaning turli bo‘g‘inlarida mas’ul lavozimlarda samarali faoliyat yuritgan.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichida viloyat soliq organlari oldida turgan vazifalar yanada kengaymoqda. Shu munosabat bilan yangi rahbar zimmasiga davlat byudjeti daromadlarini barqaror ta’minlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, raqamli soliq ma’muriyatchiligini yanada rivojlantirish, tadbirkorlarga qulay va sifatli xizmatlar ko‘rsatish hamda hududning investitsiya jozibadorligini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuklatilgani ta’kidlandi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri