Metropolitenda yong‘in xavfsizligi: Favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik
Yer ostidagi har bir daqiqa, har bir texnik tizim va xodimning hushyorligi inson hayoti uchun muhim.
Chunki metropoliten oddiy transport tizimi emas. Unda har kuni minglab odamlar harakatlanadi, poyezdlar yer ostida qatnaydi, bekatlar va tunnellarda murakkab muhandislik tarmoqlari ishlaydi. Bunday sharoitda yong‘in xavfsizligi faqat texnik talab emas, balki yo‘lovchilar hayoti va salomatligini muhofaza qilishning eng muhim shartlaridan biri.
“Toshkent metropoliteni” AJda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, yong‘inlarning oldini olish hamda xodimlarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.

Metropolitenda o‘tkazilayotgan “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishining “Yashnobod” bekatida joylashgan Elektr ta’minoti xizmatiga qarashli tortuvchi nimstansiyada o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi. Unda nimstansiya ishchi-xodimlari hamda Harbiylashtirilgan yong‘indan saqlash bo‘limi xodimlari ishtirok etdi. O‘quv mashg‘uloti davomida elektr qurilmalaridan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanish, yong‘in sodir bo‘lgan holatlarda birlamchi o‘t o‘chirish vositalarini to‘g‘ri qo‘llash, shuningdek, mazkur vositalarga belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatish va ularning doimo shay holatda bo‘lishini ta’minlash yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib, amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, metropolitenda yong‘in kelib chiqishiga elektr jihozlaridagi nosozliklar, kabellarning shikastlanishi, uskunalarning qizib ketishi, yonuvchan materiallardan noto‘g‘ri foydalanish yoki xavfsizlik qoidalarining buzilishi sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun xavfni bartaraf etishda faqat yong‘in o‘chirish vositalarining mavjudligiga tayanish yetarli emas. “Toshkent metropoliteni” AJ matbuot xizmatiga ko‘ra, buning uchun elektr ta’minoti tizimlari, taqsimlash qurilmalari, kabellar, ventilyatsiya uskunalari va boshqa muhim jihozlar belgilangan tartibda tekshirilishi, aniqlangan nosozliklar o‘z vaqtida bartaraf etilishi lozim. Yong‘in signalizatsiyasi, xabar berish tizimlari va yong‘inga qarshi vositalarning ishga shayligi ham muntazam nazorat qilinishi zarur.

Ayniqsa, yer osti inshootlarida tutunning tarqalish yo‘nalishi va tezligi katta ahamiyatga ega. Shu bois ventilyatsiya tizimlarining sozligi, evakuatsiya yo‘laklarining ochiqligi, chiqish eshiklariga olib boruvchi yo‘llarning to‘sib qo‘yilmagani favqulodda vaziyatda hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin. Bir qarashda arzimasdek tuyulgan nosozlik yoki e’tiborsizlik jiddiy oqibatlarga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
Demak, har bir tekshiruv, profilaktik chora va xodimning mas’uliyati umumiy xavfsizlik tizimining ajralmas qismidir. Yong‘in aniqlanganda mas’ul xodimlar qanday harakat qilishi, poyezd harakatiga doir qarorlar qay tartibda qabul qilinishi, yo‘lovchilarga axborot qanday yetkazilishi va evakuatsiya kim tomonidan boshqarilishi oldindan aniq belgilangan bo‘lishi kerak. Bu jarayonda xodimlarning amaliy tayyorgarligi alohida o‘rin tutadi.

Qayd etish lozimki, metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash faqat mutaxassislar zimmasidagi vazifa emas. Yo‘lovchilar ham oddiy, ammo muhim qoidalarga amal qilishi zarur. Evakuatsiya chiqishlarini to‘smaslik, taqiqlangan joylarda chekmaslik, yonuvchan va xavfli buyumlarni tashishga doir talablarga rioya qilish, shubhali holat yoki tutunni ko‘rganda darhol metro xodimlariga xabar berish — bularning barchasi xavfning oldini olishga xizmat qiladi.
Joylarda profilaktik tadbirlar davom etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA