Meros talashgan amakivachchalarni MIB yarashtirdi
Meros masalasi ba’zan eng yaqin insonlarni ham bir-biridan uzoqlashtirib qo‘yadi. Farg‘ona shahridagi bu voqea ham shunday boshlangan edi.
Bir oilada amakivachchalarga meros qoladi. Ikki nafar amakivachcha merosni bo‘lib olib, uchinchi amakivachcha — amakisining qizining ham qonuniy ulushi borligini e’tibordan chetda qoldirishadi.
O‘z haqini ololmagan qiz esa sudga murojaat qiladi.
Sudning hal qiluv qarori Farg‘ona shahar Majburiy ijro byurosi bo‘limiga kelib tushgach, davlat ijrochisi ishga kirishadi.
Bu yerda masala oddiy pul undirish emas edi. Gap bir oiladagi yaqin qarindoshlar haqida ketar, shuning uchun davlat ijrochisi taraflar bilan suhbatlashib, har birining haq-huquqini tushuntirib, ularni murosaga chaqirdi.
Natijada ikki nafar amakivachchadan har biridan 189 million so‘mdan, jami 378 million so‘m mablag‘ undirilib, uchinchi amakivachcha — amakisining qiziga tegishli meros ulushi to‘liq olib berildi.
Eng quvonarlisi, ish faqat pulni undirish bilan tugamadi. Qarindoshlar o‘rtasidagi kelishmovchilik ham bartaraf etildi.
Zero, davlat ijrochisining ishi — faqat eshik qoqib, pul undirish emas. Ba’zan u ikki tomon o‘rtasida turib, haqni joyiga qo‘yish, tushuntirish va qarindoshlarni murosaga keltirishga ham sababchi bo‘ladi.
Meros bo‘lindi, haq egasiga yetdi, eng muhimi — qarindoshlik rishtalari uzilmadi.
Hamroz Bayonov
O‘zA