Bojxona: tadbirkorlar bilan ochiq muloqot
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda ishtirokchilarga vakolatli iqtisodiy operator maqomi, uni olish talablari, mazkur maqomning afzalliklari hamda qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirokchilarga vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish uchun belgilangan talablar, ushbu maqom doirasida taqdim etiladigan imkoniyatlar hamda bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish mexanizmlarini tushuntirdilar. Shuningdek, tadbirda hududiy Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank hamda Soliq qo‘mitasining vakillari ishtirok etib, davlatimiz rahbarining "Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni qisqartirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi farmoni mazmun-mohiyati va amaldagi tartib tamoyillar muhokama qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-avgustdagi “Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarori bilan “Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risida”gi nizomning yangi tahriri qabul qilindi. Ushbu nizom bilan tadbirkorlar uchun bojxona chegarasidan ustuvor tartibda o‘tish, boshqa vakolatli vazirlik va idoralar tomonidan beriladigan sertifikatlarni ustuvor ko‘rib chiqish, QQSni qaytarish jarayonlarini tezlashtirish, shuningdek, eksport-import operatsiyalarini yanada soddalashtirishga qaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuv davomida bir qator tadbirkorlar vakolatli iqtisodiy operator maqomiga ega bo‘lishga qiziqish bildirdilar. Jumladan, “To‘rtko‘l shisha idishlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati va “United Kapital” xususiy korxonasi tomonidan vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish uchun arizalar taqdim etildi. Ayni paytda mazkur arizalar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, uchrashuvdan so‘ng Bojxona qo‘mitasining mas’ul xodimlari vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish uchun ariza taqdim etgan “United Kapital” un mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Bunday ochiq muloqotlar tadbirkorlar uchun qonunchilikdagi yangi imkoniyatlarni to‘g‘ri anglash, bojxona tartib-taomillaridan samarali foydalanish hamda tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri