Mentor-trenerlarni tayyorlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar boshlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari doirasida mentor-trenerlarni tayyorlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan uch kunlik trening o‘z ishini boshladi.
Tadbir ochilishida markaz direktori Gulistan Kojabayeva treningning maqsad va vazifalari, shuningdek, 2026–2027 o‘quv yilida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini samarali tashkil etishda mentor-trenerlarning o‘rni haqida so‘z yuritdi.
“Mentor-trenerlarni tayyorlash bo‘yicha trening” doirasida amaliy mashg‘ulotlar davom etmoqda. Unda 293 nafar mentor-trener 2026–2027 o‘quv yilida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish uchun zamonaviy metod va yondashuvlarni o‘zlashtirmoqda.

Treningda zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodik yondashuvlar, SEL va UDL tamoyillari, pedagogik refleksiya va baholash, sun’iy intellekt va raqamli vositalardan foydalanish, PISA, PIRLS va TIMSS dasturlarini fan mazmuniga integratsiya qilish yo‘nalishlari o‘rganilmoqda.

Fanlar kesimida esa raqamli va virtual laboratoriyalar, PBL, xalqaro baholash dasturlari, kommunikativ va til kompetensiyalarini rivojlantirish kabi amaliy mavzular qamrab olingan. Treningning asosiy vazifasi zamonaviy metodik yechimlarni amaliyotga samarali joriy eta oladigan mentor-trenerlarni tayyorlashdir.
Shu orqali ishtirokchilarda “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” mashg‘ulotlarini sifatli tashkil etish hamda pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur kompetensiyalar shakllantirilmoqda.
Trening 30-sentabr kunigacha davom etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri