Sayyor qabul: murojaatlar joyida o‘rganilib, yechim topmoqda
Qarshi shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi binosida odamlar gavjum. Kimdir yillardan buyon hal bo‘lmay kelayotgan yer masalasiga oydinlik kiritish ilinjida, yana kimdir uy-joyi kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish umidida navbat kutmoqda. Tadbirkorlar esa o‘z faoliyatiga daxldor mulkiy va yer masalalariga yechim izlab kelgan. Bu yerda navbatdagi qabul emas, fuqarolar va tadbirkorlarning kadastr sohasidagi muammolarini joyida o‘rganishga qaratilgan sayyor qabul o‘tkazilmoqda. Respublika Kadastr agentligi direktori Sadriddin Turdiyev ishtirokida tashkil etilgan qabulda murojaatlar shaxsan eshitilib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilmoqda.
Ko‘kdala tumani O‘tamayli qishlog‘idan kelgan Zufar Rustamov ham ana shunday murojaatchilardan biri.
Uning aytishicha, uy-joyi bo‘yicha kadastr hujjatlarini tayyorlash, shuningdek, fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydonining lalmi yerdan sug‘oriladigan maydonga o‘tgani bilan bog‘liq masala bir necha yildan buyon hal bo‘lmay kelgan.
– Sayyor qabulga shu ikki masala bo‘yicha keldim. Muammo bir necha yildan beri davom etayotgan edi. Bugun murojaatimiz tinglanib, tez kunda ijobiy hal qilinishi aytildi, – deydi Zufar Rustamov.
Bunday murojaatlar kam emas. Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida kadastr idoralariga 3 ming 600 dan ziyod murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati fuqarolarning kundalik hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yer va ko‘chmas mulk masalalariga taalluqli.
Kadastr hujjatlarini tayyorlash, yer maydonlarini noqonuniy egallash, yer ajratish, yer uchastkasini qaytarib berish, yer maydonini o‘lchash, uy-joyni baholash, ko‘chmas mulk haqida ma’lumot olish va mulkka egalik huquqini rasmiylashtirish shular jumlasidan.
Sayyor qabulda yuzdan ortiq fuqaro ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning har biri bo‘yicha masala respublika darajasida ko‘rib chiqilmoqda.
[gallery-31665]
Kadastr agentligi Murojaatlar bo‘limi boshlig‘i Shohruh To‘rayevning ta’kidlashicha, ayni paytda viloyatda fuqarolarni uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan kadastrlar masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Fuqarolarni ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan masalalardan biri yer ajratish qarori bo‘lmagan holda uy-joylarda yashab kelinayotgani bilan bog‘liq. Bu borada 937-sonli qonun hujjati asosida qariyb bir millionta uy-joyga egalik huquqi e’tirof etilgan. Qolgan ob’ektlar xatlov jarayonida. Bu yil xatlovga kiritilmagan ob’ektlarni 2027-yilda xatlovdan o‘tkazish rejalashtirilgan, – deydi Sh.To‘rayev.
Mutaxassisning qayd etishicha, sayyor qabullarda nafaqat murojaatlar eshitilmoqda, balki fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilib, ko‘plab masalalar shu joyning o‘zida hal etilmoqda.
Sayyor qabulda tadbirkorlar murojaatlari ham alohida o‘rin tutdi.
G‘uzor tumanidagi “G‘uzor tuman oziq-ovqat dehqon bozori” MCHJ rahbari Azamat G‘ulomov bozorga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va uni O‘zKAD dasturiga kiritishda yuzaga kelgan muammo bilan murojaat qildi.
– Bozorimiz ikki mahalla chegarasida qurilgan. Shu bois kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va O‘zKAD dasturiga kiritishda qiyinchilik yuzaga kelgan edi. Bugun murojaatimizni mas’ullar eshitib, masalani ijobiy hal etish, bozorni mahallalardan birining hududiga o‘tkazish bo‘yicha amaliy yordam berishlarini aytdi, – deydi A.G‘ulomov.
Bu kabi murojaatlar bir qarashda oddiydek ko‘rinishi mumkin. Ammo ular ortida fuqaroning uy-joyi, tadbirkorning faoliyati, yillar davomida to‘plangan hujjatlar va kutilgan natija turibdi.
Kadastr sohasida fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida hududlarda ham qator o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kadastr bo‘limlarida maxsus kadastr burchaklari tashkil etilmoqda.
Buning ahamiyatini murojaatlar bilan ishlash jarayonida ko‘rish mumkin. Ilgari hujjat topshirishda kamchilik aniqlansa, fuqaro hujjatlarini qayta olib ketib, belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan holda yana idoraga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelardi. Bu esa vaqt va mablag‘ sarfi bilan birga ortiqcha ovoragarchilikni ham keltirib chiqargan.
Endi esa murojaatlarni ko‘rib chiqish, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida fuqaroga joyida tushuntirish berish va amaliy ko‘mak ko‘rsatishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Qarshidagi sayyor qabul ham ana shu maqsad – odamlarning muammosini kabinetdan emas, ularning o‘zi bilan yuzma-yuz uchrashib o‘rganish, imkoni boricha joyida hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Zero, kadastr hujjati faqat bir qog‘oz emas. U insonning uy-joyi, yeri, mulkiga bo‘lgan huquqining qonuniy kafolatidir. Shu bois bu boradagi har bir murojaat ortida alohida taqdir va manfaat turganini unutmaslik muhim.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari