“Men tanigan O‘zbekiston” kitobi taqdim etildi
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan turkiyalik taniqli olim va adib Kemal Yavuz Atamanning “Men tanigan O‘zbekiston” kitobi nashr etildi. Asar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti hamkorligida amalga oshirilayotgan “Ma’rifat elchilari” loyihasi doirasida o‘zbek va turk tillarida tayyorlandi.
Kitobning taqdimot marosimida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari va vakillari, olimlar, akademiklar, ziyolilar, yozuvchi va tarjimonlar, diplomatik korpus vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, talabalar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, umumiy tarixiy va ma’naviy qadriyatlar, Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar hamda “Ma’rifat elchilari” loyihasi doirasida nashr etilgan mazkur kitobning mamlakatimizni xalqaro maydonda xolis va haqqoniy tanitishdagi ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar umumiy tarix, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va o‘zaro ishonch tamoyillari asosida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu jarayonda davlat rahbarlari o‘rtasidagi yaqin muloqot, shuningdek, ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning kengayib borayotgani muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, boy tarixiy va madaniy merosni asrash hamda targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlamoqda. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ham ushbu yo‘nalishda qator xalqaro loyihalarni izchil amalga oshirib kelmoqda, – dedi Otabek Hasanov. – “Ma’rifat elchilari” loyihasi doirasida nashr etilgan “Men tanigan O‘zbekiston” kitobi yurtimizni dunyoga xolis va haqqoniy tanitish, uning bugungi taraqqiyotini xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim manba hisoblanadi. Asar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlash, ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi adabiy hamda ma’naviy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganini, bunday ijodiy hamkorlik xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Tadbirning e’tiborli voqealaridan biri sifatida turkiyalik olim va adib Kemal Yavuz Ataman O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi. Bu e’tirof uning o‘zbek xalqi tarixi, madaniyati va ma’naviy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, shuningdek, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi ko‘p yillik samarali faoliyatining munosib e’tirofi bo‘ldi.
Muallif kitobda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosati, ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi haqida o‘zining xolis kuzatuvlari hamda ilmiy xulosalarini bayon etgan.
Asarda muallifning 1991-yildan buyon O‘zbekistonga amalga oshirgan safarlari, turli hududlarda o‘tkazgan ilmiy ekspeditsiyalari, arxiv va tarixiy manbalar asosidagi tadqiqotlari, shuningdek, davlat va jamoat arboblari, olimlar, ziyolilar hamda oddiy insonlar bilan uchrashuv va muloqotlari jamlangan.
Kitob ikki qismdan iborat. Birinchi qismda Movarounnahr sivilizatsiyasi, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni, buyuk allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosi, islom tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasi, tasavvuf maktablari hamda turkiy xalqlar o‘rtasidagi tarixiy aloqalar keng yoritilgan.
Ikkinchi qism esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyot modeliga bag‘ishlangan bo‘lib, unda davlat boshqaruvi tizimidagi islohotlar, iqtisodiy liberallashuv, investitsiya siyosati, raqamli transformatsiya, ta’lim va ilm-fan sohasidagi o‘zgarishlar, yoshlar siyosati, gender tengligi, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, shuningdek, mamlakatning Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlar va global siyosatdagi ishtiroki ilmiy tahlil qilingan.
Kitob o‘zbek va turk tillarida nashr etilgan bo‘lib, u ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro anglashuvni kuchaytirish hamda O‘zbekiston haqidagi haqqoniy ma’lumotlarni xalqaro jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.
– Men bu yurtga ilk bor 1991-yilda kelganman. O‘shandan buyon O‘zbekiston men uchun begona emas, aksincha, qalbimga juda yaqin maskanga aylandi. Sizlar buyuk tarix, ulkan sivilizatsiya va boy ma’naviy meros egasi bo‘lgan zaminda yashayapsizlar. Men Alisher Navoiy ijodini, jadidlar merosini, o‘zbek xalqi tarixi, adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rgandim. Bu xalqning ma’naviy boyligi meni doimo ilhomlantirib keladi, – dedi Kemal Yavuz Ataman.
Uning ta’kidlashicha, “Men tanigan O‘zbekiston” kitobi Yangi O‘zbekistonga qilgan safarlari davomida ko‘rganlari, his qilganlari va anglaganlari asosida yaratilgan.
– “Ma’rifat elchilari” loyihasi doirasida yurtimizning muqaddas qadamjolari, tarixiy obidalari va diqqatga sazovor maskanlarini ziyorat qilib, O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti hamda xalqning bunyodkorlik ruhiga yaqindan guvoh bo‘ldim. Mazkur kitob orqali ana shu taassurotlarimni o‘quvchilar bilan bo‘lishishni maqsad qildim, – dedi olim.
Kemal Yavuz Ataman o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, samimiyligi va yuksak muomala madaniyati unda chuqur taassurot qoldirganini ham alohida qayd etdi. Uning fikricha, kitob ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlash, O‘zbekiston haqidagi xolis tasavvurni xalqaro jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.
Taqdimot doirasida ishtirokchilar kitobning ilmiy ahamiyati, O‘zbekistonning boy tarixi, milliy-ma’naviy merosi va bugungi taraqqiyot yo‘lini xorij auditoriyasiga yetkazishdagi o‘rni haqida fikr almashdilar. Shuningdek, muallifning O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy, madaniy hamda gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi alohida e’tirof etildi.
Kemal Yavuz Ataman — huquqshunos, siyosatshunos, sharqshunos olim, adib va jamoat arbobi. U globallashuv, Movarounnahr sivilizatsiyasi, tasavvuf, navoiyshunoslik, turkiy xalqlar tarixi, madaniyati va sivilizatsiyasiga oid ko‘plab ilmiy tadqiqotlar muallifi hisoblanadi.
Olim ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirish, o‘zbek mutafakkirlari va olimlarining ilmiy merosini turk tiliga tarjima qilish va nashr etish, qo‘shma ilmiy anjumanlar hamda madaniy loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda.
“Men tanigan O‘zbekiston” xorijlik olimning xolis qarashlari asosida yaratilgan ilmiy-ma’rifiy asar bo‘lib, mamlakatimiz tarixi, madaniy merosi, milliy qadriyatlari hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni xalqaro auditoriyaga yetkazishga xizmat qiladi. Asar, ayniqsa, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik, madaniy diplomatiya va ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim manba sifatida ahamiyat kasb etadi.
Nazokat Usmonova,
O‘ktam Hayitov (suratlar), O‘zA