Mehr va saxovat ulashildi
O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, muborak Qurbon hayiti arafasida amalga oshirilayotgan saxovat va xayr-ehson tadbirlari bu ezgu an’ananing amaliy ifodasi bo‘lmoqda. Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida yurtimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli xayrli ishlar tashkil etilmoqda.
Xususan, Buxoro viloyatida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga, yetim bolalarga hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur ezgu tashabbus doirasida 300 nafardan ortiq yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar farzandlarining omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib berildi. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik bolalarning qalbida bayramona kayfiyat, ertangi kunga ishonch va mehr tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.


Shuningdek, Buxoro shahridagi 2-son Oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan bolalar hamda vasiylik, homiylik va patronat asosida tarbiyalanayotgan bolalarga ham moddiy yordam ko‘rsatildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Zoyirov bolalar yashab turgan xonadonlarga tashrif buyurib, ularni Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etdi. Bolajonlarga bayram sovg‘alari topshirilib, ezgu tilaklar bildirildi.
Uchrashuvlar davomida bolalarning yashash sharoitlari, ta’lim-tarbiyasi va sog‘lig‘i bilan yaqindan tanishildi. Bolalarning yuzidagi quvonch va ko‘zlaridagi ishonch bu kabi mehr-muruvvat tadbirlarining nechog‘li ahamiyatli ekanini yana bir bor namoyon etdi. Zero, birgina iliq so‘z, mehrli munosabat yoki kichik e’tibor ham bola qalbida katta umid uyg‘otadi.


Ayni vaqtda Buxoro viloyatida 11 ta Oilaviy bolalar uyi faoliyat yuritib kelmoqda. Ularda 34 nafar bola tarbiyalanmoqda. Bolalarning har tomonlama barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi, zamonaviy bilim va tarbiya olishi, sog‘lom va baxtli hayot kechirishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan bunday saxovat va mehr-oqibat tadbirlari jamiyatda insonparvarlik, bag‘rikenglik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, ehtiyojmand bolalar va oilalar davlat va jamiyat e’tiboridan chetda emasligini his etmoqda. Bu esa yurtimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar hayotda o‘zining amaliy ifodasini topayotganining yorqin namunasidir.


Qurbon hayiti nafaqat bayram, balki mehr-shafqat, saxovat va insonparvarlik timsoli sifatida qalblarni yaqinlashtirib, ezgulikka chorlaydi. Buxoroda o‘tkazilayotgan bu kabi xayrli tadbirlar esa ana shu ulug‘ qadriyatlarning hayotimizda mustahkam qaror topayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri