Mehr va insonparvarlik timsoli bo‘lgan aksiya
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostidagi beg‘araz donorlik aksiyasi tashkil etildi.
Mazkur xayrli tashabbus mamlakatimizda bolalar salomatligini muhofaza qilish, tibbiy va ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolajonlarni qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat qadriyatlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Navoiy viloyatida o‘tkazilgan aksiyada viloyat Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar va Milliy gvardiya boshqarmalari xodimlari, partiya faollari hamda ko‘ngilli donorlar faol ishtirok etdi.


– Aksiyaning asosiy maqsadi qon mahsulotlariga ehtiyoji yuqori bo‘lgan bemor bolalar uchun barqaror qon zaxirasini shakllantirish, aholi o‘rtasida ko‘ngilli donorlik madaniyatini keng targ‘ib qilish hamda inson hayotini saqlab qolishdek oliyjanob g‘oyani ommalashtirishdan iborat, – deydi partiya viloyat Kengashi raisi Mansurjon Hamidov. – Partiyamiz dasturiy maqsadlarida ham har bir bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning sog‘lom, bilimli va baxtli bo‘lib voyaga yetishini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shu bois partiya tomonidan har yili 1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni va 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan respublika miqyosida mazkur donorlik aksiyasi tashkil etib kelinmoqda.


Navoiy viloyat qon quyish stansiyasi bosh shifokori Barot Normurodovning ma’lum qilishicha, 2025-yilda 15 ming nafardan ortiq donor qon topshirgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni 16 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu borada “Adolat” SDP bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan donorlik aksiyalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Inson hayoti va salomatligini asrashga qaratilgan mazkur xayrli aksiya 3-iyunga qadar Respublikamizning barcha hududlarida davom etadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri