Mehr va imkoniyat inson hayotini o‘zgartiradi
Inson qadri, uning hayoti va oilasi farovonligi — davlat siyosatining ustuvor mezoni. Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “Mahallamirzayon” mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar ana shu ezgu tamoyilning hayotdagi yorqin ifodasidir. Bu yerda ijtimoiy ko‘mak shunchaki moddiy yordam bilan cheklanmay, insonning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi, mehnat qilishi va ertangi kuniga ishonch bilan qarashi uchun sharoit yaratishga qaratilmoqda.
Bugun yurtimizda inson manfaatlarini ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning jamiyatdagi faolligini oshirish va ularning munosib hayot kechirishi uchun zarur imkoniyatlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyili aynan mahallalarda o‘zining amaliy natijasini ko‘rsatmoqda. Chunki insonning dardi, ehtiyoji va orzusi eng avvalo mahallada ko‘rinadi. Muammo o‘z vaqtida aniqlanib, unga manzilli yechim topilsa, bir oilaning emas, butun bir avlodning hayotida ijobiy o‘zgarish yuz beradi.
Mahallada qariyb 3 ming 200 nafar aholi istiqomat qiladi. Ular orasida nogironligi bo‘lgan 98 nafar fuqaro bor. 44 nafar fuqaro “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan bo‘lib, 23 ta oila davlat ta’minotidan foydalanmoqda.
Mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni aniqlash, ularning sharoitini o‘rganish, muammolarini chuqur tahlil qilish va har bir xonadon uchun individual yondashuv asosida yechim topishda ijtimoiy xodimlarning o‘rni beqiyos.
Ijtimoiy xodim Inobat Temirova faoliyati misolida ham buni yaqqol ko‘rish mumkin. U o‘rgangan xonadonlardan biri — Umida Shirinovaning oilasi. To‘rt nafar farzandni voyaga yetkazayotgan Umida opaning ikki nafar farzandi nogironligi bo‘lgan shaxslar hisoblanadi. Farzandlar parvarishi, ro‘zg‘or tashvishlari va oilaning kundalik ehtiyojlari uning zimmasiga katta mas’uliyat yuklagan.
Bunday sharoitda oddiy bir yordamning o‘zi ham oila uchun katta madad bo‘lishi mumkin. Ammo bu xonadonga ko‘rsatilgan ko‘mak orqali mahalladagilar bundan-da muhimroq maqsadni ko‘zlashdi — oilaga tayanch bo‘lish bilan birga, uning o‘z kuchi bilan oyoqqa turishiga imkon berish.
Umidaning oilaviy sharoiti o‘rganilib, u “Ijtimoiy reyestr”ga kiritildi. Farzandlarining parvarishi bilan bog‘liq vazifalarni bajarishi uchun Umida opa qarovchi sifatida ham tayinlandi.
Ammo uning yana bir iste’dodi — tikuvchilikka bo‘lgan qiziqish bor edi. Ana shu oddiy, ammo juda muhim jihat oilaning hayotida yangi sahifa ochilishiga sabab bo‘ldi. Umidaga ssuda ajratilib, tikuv mashinalari olib berildi. Endi u o‘z uyida mehnat qilib, sevgan kasbi bilan shug‘ullanish, mahsulot tayyorlash va oilasiga qo‘shimcha daromad keltirish imkoniyatiga ega. Bu voqeada eng e’tiborli jihat shundaki, Umidaga shunchaki yordam berilmadi. Unga mehnat qilish, o‘z qobiliyatini namoyon etish va mustaqil daromad topish imkoniyati yaratildi. Bir qarashda oddiy tikuv mashinasi. Ammo uning ortida bir onaning umidi, farzandlarining kelajagi, oilaning ertangi kuni va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch mujassam. Bugun Umida opa uchun tikuv mashinasi — oddiy mehnat quroli emas. U yangi imkoniyat, yangi daromad manbai va oilaviy farovonlik sari ochilgan eshikdir. Shu ma’noda, ijtimoiy himoyaning asl mohiyati ham shunda: insonni doimiy yordamga muhtoj holatda qoldirish emas, balki unga imkoniyat berib, o‘z hayotini o‘zi yaxshilashi uchun sharoit yaratish.
“Mahallamirzayon” mahallasida nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham muayyan natijalarga erishilmoqda. Bugungi kunga qadar 12 nafar fuqaroga protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiyaning texnik vositalari taqdim etildi. Bunday ko‘maklar ularning kundalik hayotini yengillashtirish, mustaqil harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish va jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga xizmat qilmoqda. Eng quvonarlisi, mahallada 10 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxsning bandligi ta’minlangan. Chunki inson uchun ish faqat daromad manbai emas. U orqali odam o‘z qadrini his qilish, jamiyatga kerakli ekanini anglash, kelajakka ishonch bilan qarash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bugungi mahalla tizimining eng muhim jihatlaridan biri — har bir oilaga bir xil mezon bilan emas, uning real ehtiyojidan kelib chiqib yondashilayotganidir.
Kimdir kasb o‘rganishga, kimdir ishga joylashishga, yana kimdir tibbiy yoki reabilitatsiya vositalariga muhtoj. Muhimi, muammoni ko‘rish, insonni tinglash va unga mos yechim topish.
Umida Shirinovaning hayotidagi o‘zgarish ham ana shunday manzilli yondashuvning samarasidir.
Bir paytlar oilaviy sharoiti sabab ko‘plab qiyinchiliklar qarshisida qolgan ona bugun o‘zining sevimli hunari bilan shug‘ullanish, daromad topish va farzandlari uchun yanada yaxshi sharoit yaratish imkoniyatiga ega. Bu esa birgina oilaning hayotidagi o‘zgarish emas. Bu — ijtimoiy siyosatning inson taqdirida qanday aks etayotganining jonli namunasi.
Mahalladagi tajriba bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: inson hayotini o‘zgartirish uchun ba’zan katta mablag‘dan ham avval mehr, e’tibor, to‘g‘ri yo‘naltirish va imkoniyat kerak. O‘z vaqtida berilgan bir maslahat, aniqlangan bir ehtiyoj, yaratilgan bir imkoniyat butun bir oilaning kelajagiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bugun Umida opa tikuv mashinasi oldida mehnat qilarkan, uning qo‘l mehnatida nafaqat chok va mato, balki umid, ishonch va kelajak sari intilish mujassam. Bu kabi misollar davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan insonparvar siyosatning eng katta natijasi qog‘ozdagi raqamlar emas, balki o‘zgarayotgan inson taqdiri ekanini ko‘rsatadi. Zero, farovon mahalla — obod ko‘chalar bilangina emas, unda yashayotgan har bir insonning ko‘ngli xotirjam, ertangi kunga ishonchi baland bo‘lgani bilan oboddir.
Bir oilaga berilgan imkoniyat — bir oilaning emas, jamiyatning kelajagiga kiritilgan sarmoyadir. Mehr bor joyda umid uyg‘onadi. E’tibor bor joyda imkoniyat paydo bo‘ladi. Imkoniyat bor joyda esa inson o‘z taqdirini o‘zgartira oladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri