Mehr bor joyda — umid bor
Hayot sinovlari oldida yordam va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalar uchun ijtimoiy xizmatning o‘z vaqtida va manzilli ko‘rsatilishi nafaqat moddiy ko‘mak, balki ertangi kunga ishonch bag‘ishlaydi.
Bugun mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini inson manfaatlariga yanada yaqinlashtirish, har bir oilaning ehtiyojini individual o‘rganish, yordamga muhtoj insonlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Romitan tumanidagi “Bog‘cha” mahalla fuqarolar yig‘inida aholining ijtimoiy ehtiyojlarini o‘rganish, muammolarini aniqlash va ularni hal etishga ko‘maklashish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Mahallada 4021 nafar aholi istiqomat qiladi. Ular orasida 77 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs bor. 46 ta oila “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan.
Shu bois mahalla ijtimoiy xodimi Zarina Jo‘rayeva tomonidan alohida e’tibor va ko‘makka muhtoj fuqarolar bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Bu yondashuvning mohiyati ham shunda — insonni umumiy ro‘yxatdagi raqam sifatida emas, balki o‘z ehtiyoj va muammosiga ega shaxs sifatida ko‘rish.
Mahallada alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan 3 nafar bola inklyuziv ta’limga jalb etilgan. Bu esa bolalarning ta’lim olish huquqini ta’minlash, ularni tengdoshlari orasida kamol toptirish va jamiyatga to‘laqonli integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Shuningdek, 13 nafar ehtiyojmand shaxs protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlangan. O‘zgalar parvarishiga muhtoj 1 nafar fuqaro “Faol hayotga qadam” dasturiga qamrab olingan.
Mahalladagi ijtimoiy ishlarning haqiqiy samarasini Iroda Xalilova hayoti misolida yanada yaqqol ko‘rish mumkin.
II guruh nogironligi bo‘lgan, bir nafar farzandni tarbiyalayotgan Iroda opa og‘ir kasallik tufayli uzoq muddat davolanishga muhtoj edi. Bunday vaziyatda kasallikning o‘zi bilan bir qatorda davolanish xarajatlari, dori-darmon va farzand tarbiyasi bilan bog‘liq tashvishlar ham inson zimmasiga og‘ir yuk bo‘lib tushishi tabiiy.
Iroda opaning davolanishi uchun moddiy yordam ajratildi, dori-darmon bilan ta’minlandi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan farzandi uchun kiyim-kechak olib berildi. Qizining shartnoma to‘lovi esa referal xizmat asosida to‘lab berildi. Bugun ana shu amaliy ko‘maklar natijasida Iroda opaning salomatligi ancha yaxshilangan.
Bugun ijtimoiy xodimning vazifasi faqat ariza qabul qilish yoki ma’lumot to‘plashdan iborat emas. U insonning holidan xabar oladi, muammoning sababini o‘rganadi, mavjud imkoniyatlarni izlaydi va tegishli xizmatlar bilan bog‘laydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri