Mehr bor joyda — imkoniyat, imkoniyat bor joyda natija bor
Inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib sharoit yaratish — bugungi islohotlarning eng muhim mezonlaridan biriga aylangan. Davlat rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy himoya tizimida “insonga — mahallada, manzilli va samarali xizmat” tamoyili tobora keng qaror topmoqda.
Bu ezgu maqsadlar amaliy ifodasini Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi “Qoraxoni” mahallasi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Bu yerda ijtimoiy xizmatlar oddiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanmay, har bir insonning ehtiyoji, imkoniyati va orzu-intilishidan kelib chiqqan holda tashkil etilmoqda.
“Qoraxoni” mahallasida 6 200 nafar aholi istiqomat qiladi. Ular orasida 182 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs, 45 nafar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqaro bor. Shuningdek, 2 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola davlat himoyasiga olinib, ijtimoiy xodim Gulnoza Otajonovaning tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Eng muhimi, bu jarayonda insonga faqat nafaqa yoki moddiy yordam oluvchi sifatida emas, balki jamiyatning to‘laqonli va faol a’zosi sifatida qaralmoqda. Xususan, mahallada 10 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning bandligi ta’minlandi, 8 nafari adaptiv sport to‘garaklariga jalb etildi. 15 nafar ehtiyojmand fuqaro protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiyaning texnik vositalari bilan ta’minlandi. Albatta, bu raqamlar ortida esa taqdiri, orzusi va kelajakka ishonchi bor insonlar turibdi. Buning eng ta’sirchan misollaridan biri — II guruh nogironligi bo‘lgan, to‘rt nafar farzandni tarbiyalayotgan Gulmira Sayfullayeva hayotida namoyon bo‘lmoqda.
Gulmira uchun nogironlik hayotdagi imkoniyatlarni cheklaydigan to‘siq emas, balki o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga undaydigan sinovga aylangan. Ijtimoiy xodim tashabbusi bilan u adaptiv sportning yengil atletika yo‘nalishiga jalb etildi. U muntazam mashg‘ulotlar orqali o‘zining jismoniy imkoniyatlarini kengaytirib, sportda ham munosib natijalarga erisha boshladi. Ayniqsa, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida faol ishtirok etgani uning matonati, irodasi va hayotga bo‘lgan ishonchining yorqin namunasi bo‘ldi.
Bir paytlar oddiy kundalik yumushlar bilan cheklangan insonning bugun respublika miqyosida o‘z mahallasi sharafini himoya qilayotgani — ijtimoiy himoyaning haqiqiy samarasi emasmi?
Gulmira Sayfullayeva oilasiga ko‘rsatilayotgan ko‘maklar ham manzilli ijtimoiy xizmatning naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.
Oilaning Ijtimoiy reyestrga kiritilgani natijasida bola nafaqasi tayinlangan. Farzandlarining to‘garaklarga qatnashishi uchun imtiyozlar yaratilgan, yana bir farzandi bog‘chaga imtiyozli asosda qabul qilingan. Oilaga bir martalik kompensatsiya ham ajratilgan. Bir qarashda bular alohida-alohida yordam turlaridek ko‘rinadi. Aslida esa ular bir maqsadga — oilaning ijtimoiy barqarorligini ta’minlash, farzandlarning ta’lim va tarbiyasi uchun imkoniyat yaratish, onaning o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarishiga ko‘maklashishga xizmat qilmoqda.
“Qoraxoni” mahallasidagi tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, ijtimoiy himoyaning eng katta samarasi berilgan yordam miqdori bilan emas, balki inson hayotida qanday o‘zgarish sodir bo‘lgani bilan o‘lchanadi. Kimdir ishli bo‘ldi. Kimdir sportga kirib, o‘z qobiliyatini namoyon etdi. Kimdir zarur reabilitatsiya vositasiga ega bo‘ldi. Yana bir oilaning farzandi bog‘chaga, boshqasi to‘garakka jalb etildi. Demak, har bir ko‘mak ortida bir oilaning quvonchi, bir insonning o‘z kuchiga ishonchi, bir farzandning kelajagi mujassam.
Davlat rahbari tashabbusi bilan inson qadri va ijtimoiy adolatni ta’minlashga qaratilgan islohotlar mahallalarda odamlar hayotida aniq natijaga aylanayotgani ana shunday misollarda yaqqol ko‘rinadi.
“Qoraxoni”dagi bugungi manzara — ijtimoiy himoyaning mohiyati faqat yordam berish emas, balki insonga o‘z imkoniyatini namoyon etishi uchun ishonch, sharoit va kuch berishdan iborat ekanining yorqin ifodasidir. Zero, insonga e’tibor berilgan joyda umid uyg‘onadi. Umid bor joyda harakat paydo bo‘ladi. Harakat esa albatta, natijaga olib keladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri