MDH PA kengashi majlisida O‘zbekistonning ochiq parlament tamoyillariga oid tajribasi taqdim etildi
Sankt-Peterburgda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Parlamentlararo assambleyasi (PA) bahorgi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida PA kengashining majlisi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya hamda Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston parlamentlari rahbarlari ishtirok etdi.

MDH PA kengashi raisi, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko boshqargan majlisda MDH davlatlarida saylovlarda xalqaro kuzatuvni tashkil etish kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘ldi.
Xususan, MDH PA xalqaro kuzatuvchilarining Qirg‘iz Respublikasi Jogorku keneshi deputatlarining muddatidan ilgari saylovi hamda Qozog‘iston Respublikasining yangi Konstitutsiyasini qabul qilish bo‘yicha respublika referendumida ishtirok etgani muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari demokratik islohotlarni amalga oshirish, inson qadrini ulug‘lash hamda ochiq parlament tamoyillarini ilgari surish borasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Assambleyaning 2025-yildagi faoliyati natijalari, 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan namunaviy qonunlar bo‘yicha istiqbolli reja loyihasi haqida ma’lumot berildi.
Insonparvarlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi. Xususan, “Ilm-fan va ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” MDH PA faxriy nishonini ta’sis etish masalasi ko‘rib chiqildi. Mazkur mukofot ilmiy izlanishlarda yuqori natijalarga erishgan yosh olim va mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, “Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun” faxriy nishoni hamda “MDH PA - 35 yil” yubiley nishoni tasdiqlandi. Shu bilan birga, rus tilini rivojlantirish va ommalashtirishga munosib hissa qo‘shganlarni rag‘batlantirish maqsadida Lyudmila Verbitskaya nomidagi MDH PA mukofoti ta’sis etildi.
2026-yilgi Chingiz Aytmatov nomidagi xalqaro mukofotni Belarus xalq yozuvchisi Nikolay Cherginetsga topshirish taklifi ham ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida MDH PA doimiy komissiyalari rahbarlari tasdiqlandi. Shuningdek, assambleyaning kuzgi sessiyasini Ashxobod shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA