Yozma manbalarda Turon harb ishi tarixi (+video)
O‘zbek davlatchiligi tarixida harb ishi eng asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib, u faqat jang qilish san’ati emas, balki siyosiy hokimiyatni o‘rnatish va mustahkamlash, markazlashgan saltanatlarni barpo etish, chegaralarni himoya qilish orqali xavfsizlikni ta’minlash, savdo yo‘llari nazorati va karvonlarni himoya qilish, qo‘riqlash natijasida iqtisodiy barqarorlikni o‘rnatish, ijtimoiy tuzilmani shakllantirish va tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashda hal qiluvchi omil bo‘lgan.
O‘zbek harb ishi tarixi chuqur ildizlarga ega bo‘lib, uni har tomonlama o‘rganish barcha turdagi manbalarni ilmiy muomalaga keng jalb etishni talab qiladi. Xususan, arxeologiya ashyolari, xalq og‘zaki ijodi namunalari, elshunoslik ma’lumotlari bilan bir qatorda turkiy, sug‘d, xitoy, arab, fors, suryoniy, ozarbayjon, arman, yunon, lotin, rus va boshqa tillarda bitilgan yozma manbalar mazkur sohani tadqiq etishda muhim ilmiy negiz bo‘lib xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda FA Tarix institutida o‘zbek davlatchiligi tarixi, jumladan, harb ishini manbalar asosida chuqur va izchil o‘rganish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. FA Tarix institutida bo‘lib o‘tgan “Yozma manbalarda Turon harb ishi tarixi” ikkinchi ellararo ilmiy yig‘ini ham xuddi shu masalalar yuzasidan qo‘lga kiritilgan so‘nggi ilmiy natijalar taqdimotiga bag‘ishlandi.
Ilmiy yig‘inda milliy davlatchiligimiz tarixida harb ishining ahamiyati va harb san’atini chuqur o‘rganishda yozma manbalarning zarurati, tariximizni birlamchi manbalar asosida o‘rganishda bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratilganligi, bu imkoniyatlardan unumli foydalanish zarurligi, ayniqsa yosh manbashunoslarni tayyorlash asosiy vazifa bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tildi.
Yig‘in yakunidagi savol-javoblar va muhokamalar qizg‘in tarzda o‘tdi. Tadbirda ko‘tarilgan masalalar milliy harb ishi tarixidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishda yozma manbalarni tanqidiy o‘rganish va ellararo hamkorlikni kuchaytirish zarurligini yaqqol ko‘rsatdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cGmJd6cc9PM" title="Yozma manbalarda Turon harb ishi tarixi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA