Maylisoy daryosida sel va toshqindan erta ogohlantirish tizimi joriy etiladi
Andijon viloyati bahor va yoz oylarida sel va suv toshqinlari xavfi yuqori bo‘lgan hududlar sirasiga kiradi. Ayniqsa, Qirg‘iziston hududidan oqib keluvchi Maylisoy daryosida suv sarfining kutilmaganda ko‘payishi Paxtaobod va Izboskan tumanlarining ushbu daryo qirg‘og‘ida yashayotgan aholisi uchun xavf tug‘diradi.
Ana shundan kelib chiqib, Maylisoyda aholini sel va toshqin xavfidan oldindan ogohlantiradigan zamonaviy tizim o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda. Bu boradagi ishlar Global yashil o‘sish instituti (GGGI) va Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) dasturlari doirasida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘zgidromet, Favqulodda vaziyatlar hamda Suv xo‘jaligi vazirligi hamkorligida olib boriladi. Dastur Koreya Respublikasi tomonidan moliyalashtiriladi.
– Ushbu dasturni amalga oshirish uchun O‘zgidromet tomonidan Farg‘ona va Andijon viloyatlaridagi beshta hudud taklif etilgan edi, – deydi “Maylisuv daryosi yo‘lagida toshqin va sel xavfini baholash” loyihasi dala koordinatori Zafarbek Umrzoqov. – Mutaxassislar tomonidan Maylisoy tizimi asosiy ob’ekt sifatida tanlab olinganligi bejiz emas, albatta.
Agar yaqin o‘tmishga nazar tashlasak, Maylisoyda 1958-1959-yillarda sellar, 1998, 2010 va 2012-yillarda toshqinlar qayd etilgan. Sellar va toshqinlar oqibatida aholi xonadonlariga, qishloq xo‘jaligi maydonlariga, hudud infratuzilmasiga ma’lum darajada zarar yetgan. Bundan tashqari, daryoning aholiga xavf darajasi, seldan ogohlantiruvchi uskunani o‘rnatish qulayligi, aloqa va elektr ta’minoti kabi mezonlar bo‘yicha o‘rganishlar xulosalariga ko‘ra, aynan Maylisoy eng maqbul tizim deb topildi.


Tizimni joriy etishdan oldin hududdagi xavf va aholining ana shu xavf, ya’ni sel va suv toshqinlariga qay darajada tayyor ekanligi, bu boradagi muammolarni chuqur o‘rganish talab etiladi.
Ana shu maqsadda Xalqaro suv xo‘jaligini boshqarish instituti (IWMI) mutaxassislari tomonidan dastlabki o‘rganishlar, mutasaddi tashkilotlar bilan maslahatlashuv tadbirlari o‘tkazildi. Xususan, joriy yilning 17-18-sentabr kunlari institut jamoasi Andijon viloyati hokimligi, Norin-Qoradaryo havza boshqarmasi, favqulodda vaziyatlar, ekologiya va gidromet boshqarmalari, “Qoradaryo–Maylisoy” irrigatsiya tizimi hamda Qo‘yquloq gidrouzeli rahbarlari bilan uchrashdi.
Mutaxassislar daryo bo‘yida joylashgan uchta – Paxtaobod tumanidagi Qo‘rg‘oncha, Toshqo‘rg‘on va Izboskan tumanidagi Uzunko‘cha mahallalari aholisi bilan uchrashib, muloqotlar o‘tkazdi.
Uchrashuv va muloqotlarda qariyb 12 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladigan ushbu mahallalar aholisi sel xavfi yuzasidan o‘z tashvishlarini ochiq aytdi. Fuqarolarning qayd etishicha, shu paytgacha toshqin haqida mutasaddi tashkilotlar tomonidan rasmiy ogohlantirishlar berilmagan. So‘nggi yillarda sel bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar uyali telefon “SMS” orqali umumiy tarzda beriladi. Lekin aynan Maylisoydagi holat bo‘yicha xabar yetkazadigan tizim mavjud emas. Yoki ayrim hollarda odamlar daryoda suv sathining ko‘tarilayotganligi haqida Maylisoyning yuqori – Qirg‘iziston tomonidagi tanishlar bilan telefon orqali xabardor bo‘lishgan.


O‘rganishlardan ma’lum bo‘ldiki, Uzunko‘cha mahallasida daryo bo‘yidagi ayrim uylarni suvdan faqat toshlar va daraxtlar ajratib turadi. 2010 va 2018-yillarda daryo sathining ko‘tarilishi natijasida ushbu xonadonlar hovlisiga suv kirgan.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunga qadar hududda sel-toshqin xavfini kamaytirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizliklarning oldini olish bo‘yicha tuman, viloyat hokimliklari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan zarur choralar ko‘rilmoqda, profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, baribir xavfning oldini olish choralarini kuchaytirish muhimdir.
– Maylisoy hudud aholisi uchun muhim hayot manbaidir, – deydi Paxtaobod tumani Toshqo‘rg‘on mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi G‘ulomjon G‘aniyev. – Bahor oylarida xavf tug‘diradigan suv yozda ekinlarni sug‘oradi. Suv to‘xtashi katta muammo. Chunki aholining, fermer xo‘jaliklarining ekin maydonlari to‘la Maylisoy suvidan sug‘oriladi.
Muloqotlar jarayonida aholi vakillari, suv xo‘jaligi xodimlari tomonidan qator takliflar ham bildirildi. Jumladan, daryoning aholi xonadonlariga yaqin qirg‘oqlariga yirik toshlar terish, uning O‘zbekiston hududidagi qismini to‘liq o‘rganib chiqish hamda gidrouzel darvozalarini avtomatlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, faqat sel va toshqin haqida erta xabar beruvchi uskuna o‘rnatishning o‘zi yetarli emas. Xavf haqidagi xabar daryodagi o‘lchov nuqtasidan tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limiga, mahalla fuqarolar yig‘ini idorasiga, har bir xonadonga o‘z vaqtida yetib borish bo‘yicha tizimni shakllantirish, shuningdek, mahalla idoralarida ogohlantirish punktlarini tashkil etish, har bir mahalla uchun toshqin yuzaga kelganida aholining harakatlanish rejasini ishlab chiqish, har yili bahor, ya’ni toshqin xavfi yuqori bo‘ladigan mavsum oldidan amaliy mashqlar o‘tkazish kabi qator takliflar bildirildi. Ana shu jarayonlarda ayollar, keksalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga alohida e’tibor qaratish muhimligi ta’kidlandi.


Loyiha doirasida sel va toshqindan erta ogohlantirish tizimi tarkibiga daryoni kecha-kunduz kuzatib turuvchi videokamera va suv sathini o‘lchovchi radar sezgichi kiritilishi ham rejalashtirilgan.
Loyiha tashabbuskorlari shu kunlarda mahallalarda bo‘lib, aholi o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazdi, odamlarning taklif, fikr va mulohazalari o‘rganildi. Endilikda aholi vakillari bilan birgalikda xavf xaritalari tuziladi. Yil oxiriga qadar xavf ostidagi uylar, maktablar va yo‘llar ko‘rsatilgan xaritalar, evakuatsiya yo‘nalishlari va aholini ogohlantirish tartibi tayyorlanib mutasaddi tashkilotlarga taqdim etiladi.
Umuman, o‘rganishlar, olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonining natijalari bo‘yicha dastlabki xulosalar shu oy oxirida Andijonda o‘tkaziladigan seminarda taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, Maylisoyda sel va toshqindan erta ogohlantirish tizimi joriy etilishi bo‘yicha to‘plangan tajriba kelgusida Farg‘ona vodiysidagi boshqa daryo va soylarda ham qo‘llanilishi mumkin bo‘ladi. Eng asosiysi, sel-toshqin xavfi tug‘ilganda aholi bundan oldindan xabardor bo‘ladi va o‘zini himoya qilishga, xavfsizligini ta’minlashga ulgura oladi. Ta’kidlash joizki, sel va toshqin bilan bog‘liq xavflarning oldini olish nafaqat mutasaddi tashkilotlarning, balki har bir fuqaro, keng jamoatchilikning vazifasidir.
Shunday ekan, mazkur jarayondagi ishlar samaradorligini oshirishga, xavfni oldindan bilish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan “Maylisuv daryosi yo‘lagida toshqin va sel xavfini baholash” loyihasini har jihatdan olqishlash va qo‘llab-quvvatlash lozim.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri