Mavsumga uyushqoqlik bilan kirishildi (+video)
"G‘alla – 26"
Jizzax viloyati dalalarida yetishtirilgan g‘allani yig‘ib-terib olish ishlari uyushqoqlik, aniq reja va zamonaviy yondashuvlar asosida boshlandi. Bugun dalalarda faqat hosil taqdiri emas, balki oziq-ovqat xavfsizligi, yer unumdorligi va qishloq aholisi daromadlarini oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlarning amaliy natijalari ham sinovdan o‘tmoqda.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligi va daromadlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-aprelda qabul qilingan “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat ijrosi doirasida viloyatda g‘alla o‘rimi, takroriy ekinlar ekish va yoshlarning yerdan samarali foydalanishlarini ta’minlashga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi.

Viloyat bo‘yicha jami 80 ming 400 gektar suvli maydonda yetishtirilgan boshoqli don hosilini qisqa muddatlarda va talafotlarsiz yig‘ib olish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Shu maqsadda 151 ta o‘rim-yig‘im otryadi shakllantirilib, 309 ta kombayn jalb etilgan. Hosil tashish ishlarida 1 ming 428 ta yuk avtomobili, 1 ming 374 ta traktor tirkamasi, 61 ta ko‘chma ustaxona va 60 ta yoqilg‘i tashish vositasi ishtirok etmoqda. O‘rim jarayoniga jalb qilingan mutaxassislar, muhandislar va texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni esa 656 nafarni tashkil etadi.
Hosilni yig‘ib olish grafigi ham aniq belgilab olingan. Viloyatda yalpi o‘rim ishlarini 10-iyundan boshlab, 25-iyunga qadar yakunlash rejalashtirilgan. Har bir kombayn hissasiga o‘rtacha 260 gektardan maydon to‘g‘ri kelmoqda.

Do‘stlik tumanida mavsumga alohida uyushqoqlik bilan kirishildi. Bu yerda 14 ming 700 gektar maydonda parvarishlangan g‘alladan 150 ming tonnadan ortiq hosil olish ko‘zda tutilgan. Mavsumni samarali tashkil etish uchun 23 ta o‘rim otryadi tuzilib, 44 ta kombayn jalb qilingan. Hosilni tashishda 207 ta yuk avtomobili va 340 ta traktor tirkamasi jalb etilgan.
O‘rimni birinchi bo‘lib Umrzoq Mamatqulov fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasi tarkibidagi “Inoyatulla” fermer xo‘jaligi g‘allakorlari boshlab berdi. Xo‘jalikning 40 gektar boshoqli don maydonlaridagi mehnat samarasi ayrim uchastkalarda har gektardan 90 sentnergacha hosil berayotgani bilan namoyon bo‘lmoqda. Bu raqamlar dehqonning yil davomida yerga mehr bilan munosabatda bo‘lgani, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarganining amaliy ifodasidir.

Paxtakor tumanida ham g‘alla o‘rimiga start berildi. Bu yerda 11 ming 700 gektar maydonda yetishtirilgan hosilni yig‘ib olish uchun 21 ta o‘rim otryadi shakllantirilib, 38 ta kombayn safarbar etilgan. Mavsumni “Jasmin Ruxsor” fermer xo‘jaligi boshlab berdi. Ayrim maydonlarda har gektardan 90–95 sentnergacha hosil olinayotgani tuman g‘allakorlarining mashaqqatli mehnati samarasi ekanini ko‘rsatmoqda.
Bugungi g‘alla o‘rimi faqat don yig‘ish bilan cheklanmaydi. Dalalar bo‘shashi bilan ikkinchi hosil uchun kurash boshlanadi. Shu ma’noda, Jizzaxning ilg‘or fermerlari bug‘doydan keyin mosh ekishda “No-Till” — nolli ishlov berish texnologiyasini qo‘llab, zamonaviy dehqonchilikning amaliy namunasini yaratmoqda. Ushbu usul tuproq strukturasini saqlash, yoqilg‘i va mehnat xarajatlarini kamaytirish, eng muhimi, yer unumdorligini yanada oshirish imkonini bermoqda. Iqlim o‘zgarishi sharoitida bu kabi innovatsion yondashuvlar nafaqat iqtisodiy samara, balki ekologik barqarorlikni ham ta’minlaydi.

Viloyatda yoshlarning yerdan daromad manbai sifatida foydalanishga bo‘lgan qiziqishi ham yildan-yilga ortib bormoqda. Arnasoy tumanida 421 nafar yoshga jami 390 gektar yer maydoni ajratilgan. Mazkur maydonlarda bug‘doy, arpa, poliz va ozuqa ekinlari yetishtirilib, ayni paytda hosil yig‘ib olinmoqda. G‘alladan bo‘shagan yerlarda esa takroriy ekin sifatida mosh ekish ishlari boshlangan. Bu esa bir yerdan yil davomida ikki marta hosil olish va qo‘shimcha daromad manbai yaratish imkonini bermoqda.
Mirzacho‘l tumanida ham yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘z samarasini bermoqda. Do‘stlik mahallasidagi 34 nafar yosh 24 gektar maydonda bug‘doy, arpa va poliz mahsulotlari yetishtirishib, mo‘l hosil olishmoqda.

Jizzax dalalarida kechayotgan bugungi mehnat marafoni faqat mavsumiy kampaniya emas. U mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, yerdan samarali foydalanish, qishloq aholisi daromadlarini oshirish va yoshlarni tadbirkorlikka jalb etishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy natijasidir. Eng muhimi, bu jarayonda har bir yig‘ib olingan don boshog‘i ortida dehqonning mehnati, muhandisning mas’uliyati, tashkilotchining intizomi va Yangi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining ertangi kuniga bo‘lgan ishonch bor.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/C5MrYDonfDw" title="Mavsumga uyushqoqlik bilan kirishildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdujalol Qayumov (vide+surat), O‘zA muxbiri