Qizlarning texnologik loyihalari taqdim etildi
Poytaxtimizda qizlar uchun mo‘ljallangan eng yirik xalqaro STEM tashabbuslardan biri — “Technovation Girls Uzbekistan” dasturining final bosqichi hamda loyihaning O‘zbekistondagi 10 yillik faoliyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Raqamli texnologiyalar vazirligi, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Joriy yilgi mavsum dastur tarixidagi eng yuqori natijalardan birini qayd etdi. Mamlakatning turli hududlaridan 143 ta jamoa o‘zining innovatsion va texnologik loyihalarini xalqaro tanlovga taqdim qildi.
Ishtirokchilar sog‘liqni saqlash, ta’lim, ekologiya, inklyuziya va boshqa ijtimoiy yo‘nalishlarda axborot texnologiyalari hamda sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni ishlab chiqdi.

Tadbir doirasida dasturda faol ishtirok etgan qizlar, mentorlar va hamkorlar taqdirlandi. Shuningdek, ilm-fan, texnologiyalar va tadbirkorlik sohalarida faoliyat yuritayotgan ayol liderlar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.
Endilikda xalqaro bosqichga yo‘llanma olgan jamoalar dunyoning eng kuchli ishtirokchilari bilan bir qatorda o‘z loyihalarini taqdim etish imkoniyati uchun kurash olib boradi.

“Technovation Girls” qizlarning raqamli va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni axborot texnologiyalari va innovatsiyalar sohasiga keng jalb etishga qaratilgan dunyodagi eng yirik ta’lim dasturlaridan biri hisoblanadi. O‘tgan 10 yil davomida loyiha O‘zbekistonda minglab qizlarning texnologiyalar sohasidagi salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilib kelmoqda.
N.Rahmonova, O‘zA