Mavsum taraddudi: klublarimizda nima gaplar?
Shu kunlarda Oʻzbekiston superligasida qatnashuvchi klublar yozgi taʼtilga chiqishgan.
Shu kunlarda Oʻzbekiston superligasida qatnashuvchi klublar yozgi taʼtilga chiqishgan. Mavsumning hal qiluvchi pallasi, yaʼni 2-davra oʻyinlariga 26-iyuldan start beriladi.
Ayni paytda superliga ishtirokchilari oʻz tarkibini mahoratli futbolchilar bilan kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Quyida davralar oraligʻida klublarimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlar haqida qisqacha soʻz yuritamiz.
“Paxtakor”. Shota Arveladze jamoasi tarkibi shundogʻam kuchli tarkibga ega, kamiga jamoa oʻz safiga prinsipial raqibi boʻlmish “Lokomotiv”ning hujumkor yarim himoyachisi Husniddin Gʻofurovni qoʻshib oldi. Bundan tashqari, ijarada boʻlgan isroillik futbolchi Gidi Kanyuk ham jamoa ixtiyoriga qelib qoʻshildi. Jarohatidan forigʻ boʻlgan Sadriddin Abdullayev ham umumiy guruhda mashgʻulotlarda ishtirok etmoqda.
Mamlakatimizning amaldagi chempioni, soʻnggi uch mavsumdan beri oltin medallarni begona qilmayotgan “Lokomotiv” klubi davralar oraligʻida oʻz tarkibiga mamlakatimizning eng iqtidorli futbolchilaridan biri boʻlmish Oston Oʻrunovni qoʻshib oldi. Shuningdek, jamoa mashgʻulotlarida sobiq “paxtakor”chi Javohir Sohibov ham ishtirok etmoqda. Uning tarkibda qolish-qolmasligi esa tez orada aniq boʻladi. Oʻz navbatida klubni tark etganlar ham yoʻq emas. Jumladan, serbiyalik hujumchi Filipp Rayevas oʻz vataniga qaytgan boʻlsa, yosh futbolchi Husniddin Gʻofurov “Paxtakor”ga koʻchib oʻtgani haqida yuqorida aytib oʻtdik.
Garchi tarkibi sezilarli darajada yoshartirilgan boʻlsa-da, Oʻzbekiston superligasi bahslarida ancha mazmunli oʻyin namoyish etayotgan “Nasaf” tarkibida hozircha oʻzgarishlar koʻzga tashlanmayapti. Jamoani asosiy tarkib futbolchilaridan hech kim tark etmagan va oʻz navbatida yangi kelganlar haqida hech qanday maʼlumot yoʻq.
Ammo, Namanganning “Navbahor” klubida oʻzgarishlar bor. “Lochinlar”ni yosh iqtidor Oston Oʻrunov tark etdi. Kamiga klub rahbariyati 1-davrada oʻzini koʻrsatolmagan tajribali hujumchi Bahodir Nasimov bilan orani ochiq qildi. Nasimovning oʻrniga jamoa “Surxon” hujumchisi Sherzod Hakimovni qoʻshib olgan boʻlsa, yarim himoyadagi boʻshliqni toʻldirish maqsadida yana oʻsha “Surxon”dan asli namanganlik Ayubxon Noʻmonov jalb qilindi. Buning ustiga OʻFA tomonidan yarim yilga futbol faoliyatidan chetlatilgan mahoratli charm toʻp ustasi, milliy terma jamoaga nomzod oʻyinchilardan Azizbek Turgʻunboyev ham “Navbahor”ga qoʻshildi. Shuni inobatiga olsak, 2-davrada “lochinlar” yanada kuchli jamoaga aylanishini taxmin qilish qiyin emas.
Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi ham mavsumning ikkinchi yarmida yanada kuchayishi kutilmoqda. Zero, “qaldirgʻochlar” yozgi oʻquv-mashgʻulotlar yigʻinini xorijda tashkil qilgan yagona jamoa boʻlishdi. Boz ustiga Vadim Abramov jamoasini hech bir futbolchi tark etmadi, aksincha tarkibga Janubiy Koreyadagi faoliyatini yakunlab, ortga qaytgan Sanjar Tursunov hamda Shohruh Gadoyev singari tajribali futbolchilar kelib qoʻshildi. Ular safiga jamoa yigʻinida qatnashgan xorijlik legionerlardan biri qoʻshilishi kutilmoqda. Agar bu rejaga amalga oshmasa ham Tursunov va Gadoyev hisobiga “Bunyodkor” sezilarli darajada kuchayishi aniq.
“Surxon”ni tark etganlar haqida yuqorida toʻxtaldik. Hujumchi Sherzod Hakimov va yarim himoyachi Ayubxon Noʻmonovlar Termizni Namanganga almashtirgan boʻlsa, mavsumning birinchi yarmini “Qizilqum”da oʻtkazgan yarim himoyachi Eldor Boymatov hozirda “Surxon” mashgʻulotlarida qatnashmoqda. Shuningdek, Baxtiyor Ashurmatov klubga oʻzi yaqindan tanigan ayrim futbolchilarni jalb qilishi kutilmoqda.
Qolgan jamoalarga toʻxtalsak, “Dinamo” oʻz safiga Bahodir Nasimovni qoʻshib olgan boʻlsa, “Soʻgʻdiyona”ga uzoq tanaffusdan keyin klub tarbiyalanuvchisi Jasur Hasanov qaytdi. Shuningdek, Ulugʻbek Baqoyev jamoaga “Buxoro” klubidagi faoliyati orqali yaqindan bilgan tanishi Ivan Nagayevni ham chorlamoqda.
Eng jiddiy yoʻqotish hozircha Navoiyning “Qizilqum” jamoasiga tegishli. Ularni bir yoʻla toʻrt nafar futbolchi tark etdi. Bular – jamoa sardori Erkin Boydullayev, gruzin legioneri Elguja Grigilashvili, mamlakatimizda faoliyat olib borgan nikaragualik ilk legioner Ariagner Smit Medina hamda yarim himoyachi Eldor Boymatov. Ularning oʻrnini toʻldirish maqsadida klub xorijlik bir qator futbolchilarni koʻrikdan oʻtkazmoqda. Ammo ularning jamoada qolish yoki qolmasligi maʼlum emas.
Xulosa qiladigan boʻlsak, mavsumning ikkinchi yarmida muxlislarni yanada qiziqarli oʻyinlar kutib turibdi. Shunday ekan, Oʻzbekiston superligasida 2-davra oʻyinlariga start berilishini sabrsizlik bilan kutib qolamiz.