Matbuot anjumani va media-tur bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Matbuot xizmati hamda «Mahalla media» MCHJ hamkorligida Sirdaryo viloyatida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani va media-tur tashkil etildi. Tadbirda giyohvandlikning oldini olish, yoshlarni zararli illatlardan himoya qilish, oilaviy barqarorlikni ta’minlash va xavfsiz mahalla muhitini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Matbuot anjumanida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi o‘rtasida profilaktik tushuntirish ishlarini kuchaytirish, to‘y-hashamlarni ixchamlashtirish hamda oilaviy ajrimlarni kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Uyg‘un Hotamov, viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, oila va xotin-qizlar hamda yoshlar ishlari boshqarmalari vakillari, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu borada chegara bojxona postlarida nazoratni kuchaytirish, zamonaviy texnik vositalardan foydalanish, tezkor tadbirlarni samarali tashkil etish bilan bir qatorda, aholi o‘rtasida profilaktik ishlarni izchil olib borish ham muhim ahamiyatga ega.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi vakillarining ma’lumot berishicha, 2026-yilning o‘tgan davrida boshqarma tezkor xodimlari tomonidan qariyb 39 kilogramm giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan. Shuningdek, giyohvandlik vositalarini mamlakat hududiga noqonuniy olib kirishga urinishlarni aniqlash va ularning tarqatilishining oldini olish bo‘yicha ham muayyan natijalarga erishilgan.
Mutaxassislar giyohvandlik vositalarini yashirin yo‘llar orqali olib kirishga urinishlar ham uchrab turganini qayd etdilar. Bunday holatlarga qarshi kurashishda idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, nazorat tadbirlarini kuchaytirish va zamonaviy aniqlash vositalaridan foydalanish muhimdir. Biroq giyohvandlikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar zimmasidagi vazifa emas. Mahalla, oila va ta’lim muassasalari ham bu jarayonda faol ishtirok etishlari zarur.
— Giyohvandlikning oldini olishda mahallalar, maktablar va oliy ta’lim muassasalarida profilaktik tadbirlarni muntazam tashkil etish, yoshlar bilan manzilli ishlash, ota-onalar mas’uliyatini oshirish hamda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish muhim o‘rin tutadi, — dedi Sirdaryo viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i, mayor Muhabbat Xidiraliyeva.
Darhaqiqat, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sportga, ta’limga va kasb-hunarga jalb qilish, qiziqish va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish salbiy holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, muammolarga duch kelayotgan oilalarni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash, xavf guruhidagi yoshlar bilan individual ishlash va ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish lozim.
[gallery-32081]
Anjumanda oilaviy barqarorlik masalalari ham muhokama qilindi. To‘y-hashamlarni ixchamlashtirish, ortiqcha dabdababozlikka barham berish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va ajrimlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr almashildi.
— To‘y va marosimlarni oilaning iqtisodiy imkoniyatlariga mos ravishda o‘tkazish madaniyatini shakllantirish, yoshlarda o‘zaro hurmat va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlash muhim. Bu borada mahalla yettiligi, oilaviy psixologlar, nuroniylar va keng jamoatchilik hamjihatlikda ish olib borishi lozim, — dedi boshqarma boshlig‘i Uyg‘un Hotamov.
Oiladagi sog‘lom muhit, o‘zaro hurmat va hamjihatlik jamiyat barqarorligining muhim asoslaridir. Shu bois oilaviy nizolarning sabablarini chuqur o‘rganish, muammoli oilalarga o‘z vaqtida ko‘mak berish va yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash profilaktik ishlarning ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib qolmoqda.
Media-turning amaliy qismida ishtirokchilar Guliston tumanidagi «Ishonch» mahallasiga tashrif buyurib, «yettilik» a’zolari uchun yaratilgan sharoitlar, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar bilan tanishdilar.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mahallada 5 351 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 2 682 nafari ayollar, 1 409 nafari yoshlar bo‘lib, hududda 1 106 ta xonadon mavjud.
Joriy yilda 210 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Jumladan, maktab va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, kasb-hunar ta’limi muassasasi bitiruvchilari, harbiy xizmatdan qaytganlar hamda mehnat migratsiyasidan qaytishi kutilayotgan fuqarolarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda mahallada 75 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Hududda 45 ta doimiy va 20 ta mavsumiy ish o‘rni qayd etilgan. Shuningdek, aholi daromadlarini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 2,1 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratish rejalashtirilgan.
Mazkur mablag‘larni chorvachilik, xizmat ko‘rsatish, tikuvchilik va artezian quduqlari qazish yo‘nalishlariga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Tadbirkorlik loyihalarini kredit va subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi bandligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida esa mahalladagi 52 ta oila bilan manzilli ishlar olib borilmoqda. Ushbu oilalarda istiqomat qilayotgan 209 nafar fuqaroning turmush sharoitini yaxshilash maqsadida ularni tadbirkorlikka jalb qilish, parrandachilikni yo‘lga qo‘yish, doimiy ish bilan ta’minlash va subsidiyalar ajratish bo‘yicha choralar belgilangan.
Mahalladagi bunday ishlar nafaqat aholi farovonligini oshirish, balki ijtimoiy muammolarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga ham xizmat qiladi. Chunki doimiy daromad manbai, mazmunli mehnat va oilaviy barqarorlik insonning hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
«Ishonch» mahallasida yoshlar va keksalar ishtirokida sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari tashkil etilgan. Media-tur qatnashchilari mahalla fuqarolarining sport maydonchasida muntazam ravishda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi bilan tanishdilar.
Tadbir doirasida mahalla aholisi bilan suhbatlar ham o‘tkazilib, giyohvandlikning oldini olish, yoshlar tarbiyasi, oilaviy munosabatlar va jamoat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan fikr-mulohazalar tinglandi. Bunday muloqotlar aholi muammolarini o‘rganish, mavjud xavf-xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning yechimi bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Matbuot anjumani va media-tur davomida bildirilgan fikrlar bir haqiqatni yana bir bor tasdiqladi: xavfsiz mahalla bo‘lishi uchun faqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar yoki mahalla mas’ullarining sa’y-harakatlari yetarli emas. Buning uchun oila, mahalla, ta’lim muassasalari, davlat tashkilotlari va keng jamoatchilik bir maqsad yo‘lida hamjihatlikda harakat qilishlari zarur.
Har bir yoshning taqdiriga befarq bo‘lmaslik, oilalar muammolarini o‘z vaqtida hal etish, aholi bandligini ta’minlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish orqali giyohvandlik hamda boshqa zararli illatlarning oldini olish mumkin. Zero, xavfsizlik — faqat tartib-intizom emas, balki o‘zaro ishonch, mas’uliyat va hamjihatlikdir. Ana shu qadriyatlar mustahkam qaror topgan mahallada sog‘lom muhit, farovon hayot va yoshlar kelajagiga ishonch barqaror bo‘ladi.
Matbuot anjumani va media-tur yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi va mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA