Mas’ullar faoliyatini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi
Mustaqillik bayrami arafasida Jizzax viloyatida mahallalar, suv xo‘jaligi ob’ektlari va ular atrofini obodonlashtirish, aholi tomorqalariga sug‘orish suvini barqaror yetkazib berishga qaratilgan ishlar yanada jadal tus olmoqda. Zero, bayram shukuhi avvalo inson yashaydigan muhitda, xonadonlar fayzi va mahallalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
“Mahallalarda tozalik va obodlik dolzarb oyligi” doirasida hududlardagi daraxt va maysazorlarni suv bilan barqaror ta’minlash, irrigatsiya tarmoqlarida tozalikni saqlash, suv xo‘jaligi ob’ektlarini obodonlashtirish hamda mas’ul xodimlar faoliyatini muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Paxtakor tumanidagi “Suvonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Janubiy Mirzacho‘l magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi binosida “Mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda Sirdaryo – Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Turdiboyev, boshqarma markaziy apparati xodimlari, tizim tashkilotlari rahbarlari hamda mahallalarga biriktirilgan suv xo‘jaligi xodimlari ishtirok etishdi.
Zero, har bir xonadonga farovonlik kirib borishi, tomorqalardan unumli foydalanish uchun sharoit yaratilishi ko‘p jihatdan hududdagi tarmoqlarning qay darajada sozligiga bog‘liq. Shu bois mahallalarni sug‘orish suvi bilan ta’minlash, suv tarmoqlarida sanitariya va tozalikni saqlash, mavjud muammolarni tezkor bartaraf etish hamda biriktirilgan mas’ullar faoliyatini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ayni paytda viloyatdagi 304 ta mahallaga 214 nafar suv xo‘jaligi xodimi biriktirilgan. Ular hududlarga suv yetkazib berish holatini o‘rganish, suv tarmoqlarini nazorat qilish va aniqlangan muammolarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etish bilan shug‘ullanmoqda.
Nazorat ham e’tibordan chetda emas. Sirdaryo – Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida olti nafar mutaxassisdan iborat shtab tashkil etilgan. Shtab tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar kunlik tahlil qilinib, nazoratga olinmoqda.

Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik jarayonida suv xo‘jaligi ob’ektlaridagi obodonlashtirish ishlari ham alohida ko‘lam kasb etmoqda. Jizzax viloyatidagi suv xo‘jaligi ob’ektlarida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida hududlar tozalanib, tartibga keltirilmoqda, yashil maydonlar parvarishlanib, daraxtlarga shakl berilmoqda.

Bu jarayonning aholi hayotidagi amaliy ifodasi esa Paxtakor tumanida yaqqol ko‘zga tashlanadi. “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan Akmal Ikromov fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasi (FXHU)da joylashgan “Buyuk ipak yo‘li” MFY aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlovchi yaroqsiz holga kelgan lotok tarmoqlari o‘rniga yangi mustahkam lotok tarmoqlari o‘rnatildi.
Natija esa aniq: suv yo‘qotilishining oldi olindi, aholi tomorqalariga barqaror sug‘orish suvini o‘z vaqtida yetkazib berish imkoniyati yaratildi.

Aslida, obod mahalla, fayzli xonadon va barakali tomorqa bir-biridan ayro tushunchalar emas. Ularni bog‘lab turgan asosiy omil — o‘z vaqtida qilingan amaliy ish, mas’uliyat va natija. Jizzax viloyatida Mustaqillik bayramiga munosib tayyorgarlik ham ana shu tamoyil asosida davom etmoqda.
Tadbir yakunida bajarilgan ishlar sarhisob qilinib, mahallalarni sug‘orish suvi bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha navbatdagi vazifalar belgilab olindi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri