Mehnat bor joyda baraka bor
Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi To‘xtasin Ahmedov mahallasida tomorqadan samarali foydalanish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadini oshirish borasida ibratli tajriba shakllangan.
Mahallada istiqomat qiluvchi No‘’monjon Boboyev xonadonida “Yapon” zotli 2 ming bosh bedana parvarishlanmoqda. Bedanachilik oila uchun barqaror daromad manbaiga aylangan. Faoliyatdan oyiga o‘rtacha 16-18 million so‘m sof foyda olinmoqda.
Xonadonda kuniga o‘rtacha 1 ming 800 dona bedana tuxumi olinadi. Mahsulotning asosiy xaridorlari tuxumni xonadonning o‘zidan ulgurji narxda, har donasi 350-400 so‘mdan xarid qilmoqda. Oila yaqin istiqbolda bedanalar sonini 5 ming boshga yetkazish, omuxta yem ishlab chiqarish va jo‘ja ochirish faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.
— Bedanachilikni zamonaviy usullar asosida rivojlantirish, yem-xashak bazasini mustahkamlash va jo‘ja ochirishni yo‘lga qo‘yish orqali faoliyatimizni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz, - deydi No‘’monjon Boboyev.
Boboyevlar oilasi qoramolchilik va uzumchilikdan ham daromad olmoqda. Xonadon tomorqasida “Rizamat ota”, “Mers”, “Husayni”, “Shohonak” kabi 14 navdagi uzum yetishtiriladi. Tomorqaga tutash bo‘sh yer maydonida ham uzumzor tashkil etilgan.
Oila har yili o‘rtacha 5 tonna uzumni qish-bahor mavsumigacha tabiiy usulda saqlab, Farg‘ona vodiysi va Toshkent shahridagi bozorlar hamda savdo tarmoqlariga yetkazib bermoqda.
[gallery-30839]
— Mahallamizda bir qarich ham bo‘sh yer yo‘q. Tomorqadan unumli foydalanish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali daromadimizni oshiryapmiz. Ko‘chalardagi so‘ritoklar ham oilalar byudjetiga qo‘shimcha daromad keltirmoqda, - deydi N. Boboyev.
Mahallada aholi farovonligini oshirishga qaratilgan qator loyihalar ham amalga oshirilgan. “Tashabbusli byudjet” loyihasida mahalla uch marotaba g‘olib bo‘lib, ichki yo‘llar asfaltlangan. Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilangan, 5 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Mahalla raisi Nazir Maqsudovning ta’kidlashicha, uzumchilik hudud iqtisodiy rivojining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
— Keyingi ikki yilda uzumchilikni rivojlantirish uchun 8 ta oilaga subsidiya ajratildi. “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida 4 gektar maydonda uzumchilik plantatsiyasi tashkil etilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan 800 tonna sig‘imga ega sovutkichli ombor qurilmoqda. Bu uzumni sifatli saqlash va yil davomida ichki bozorga yetkazib berish imkonini kengaytiradi, - deydi mahalla raisi N. Maqsudov.
Ayni paytda To‘xtasin Ahmedov mahallasida 890 ta oilada 3 ming 225 nafar aholi istiqomat qiladi. Tomorqadan samarali foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘shimcha daromad manbalarini ko‘paytirishga qaratilgan tashabbuslar aholi bandligi va farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/uRjd7qbRDIY" title="Mehnat bor joyda baraka bor" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muqimjon QODIROV (surat va video), O‘zA