Mart oyi yakunlari: 911,7 million kilovatt-soat “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarildi
Yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmlarida barqaror o‘sish kuzatilib, bu nafaqat energetik xavfsizlikni mustahkamlash, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Energetika vazirligi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, 2026 yil mart oyida mamlakatimizdagi yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 911,7 million kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 92,1 million kVt⋅soatga yoki 9,7 foizga ko‘p.
Jumladan, umumiy ishlab chiqarish hajmining asosiy qismi quyosh fotoelektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri kelib, ular tomonidan 569,4 million kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shuningdek, shamol elektr stansiyalari tomonidan 342,3 million kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Erishilgan natijalar tufayli salmoqli iqtisodiy va ekologik samaralarga erishildi. Xususan, 243 million metr kub tabiiy gaz tejaldi hamda atmosferaga 524 ming tonnadan ortiq zararli moddalar chiqarilishining oldi olindi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil mart oyida quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 830,8 million kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA