Marokashning birinchi ayol rahbari: Ramzmi yo haqiqiy islohot?
Fotima Zahro Mansuriy Marokashning birinchi ayol Bosh vaziri bo‘ldi. Uning timsoli mamlakatni ijobiy tomondan ko‘rsatish uchun o‘ziga xos ramziy ma’noga egami yoki Mansuriy haqiqatan mahalliy ayollar hayotini o‘zgartira oladimi?
Germaniyaning DW axborot agentligini tarqatgan xabarga ko‘ra, Marokash hukumati rahbari lavozimiga ilk bor ayol kishi – poytaxt meri Fotima Zahro Mansuriy tayinlanishi e’lon qilingach, mahalliy telejurnalistlar tomonidan so‘ralgan aksar fuqarolar mamnunlik izhor etgan.
– Bizda xilma-xillik uchun xotin-qizlardan Bosh vazir bo‘lgani juda yaxshi. Bu kayfiyatimizni biroz ko‘tarardi, – deydi yo‘lovchi ayol.
– Nima uchun ojizalarga imkoniyat berilmasligi kerak? – deydi boshqa bir juvon. – Bizda ilgari hech qachon ayol hukumat rahbari bo‘lmagan edi. Xudo uni yorlaqasin va yo‘ldan adashtirmasin.
– Bu lavozimni kim egallashidan qat’i nazar, Marokashda ijobiy o‘zgarishlar yuz berishi shart, – deya qo‘shimcha qildi erkak fuqaro.
Tabiiyki, so‘rov davomida boshqacha fikrlaydiganlar ham uchradi. Ba’zi mahalliy aholi vakillari an’ana va protokolga ko‘ra, faqat erkaklar ishtirok etadigan rasmiy tadbirlarda xotin-qizlar qanday ishtirok etishi mumkinligini tushunmagan.
– Ko‘pchilik juvon hokimiyat tepasida bo‘lsa, mamlakat muvaffaqiyatga erisha olmaydi, deb hisoblaydi, – deydi erkak yo‘lovchi telejurnalistga, milliy siyosatda hal qiluvchi so‘z Qiroli Muhammad VI ga tegishliligini nazarda tutib.
Marokash – konstitutsiyaviy monarxiya. Shuning uchun mamlakatda saylov o‘tkaziladi. Binobarin, butun ijro hokimiyati Qirolga tegishli. Hukumat boshlig‘i yoki Bosh vazir Vazirlar Mahkamasi va ma’muriyatga rahbarlik qiladi hamda davlat siyosatini yuritadi.
Ma’lumki, Marokash 2030-yil Ispaniya va Portugaliya bilan birga futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilishi munosabati bilan mamlakatga milliardlab dollar sarmoya kiritishga tayyorlanmoqda. Mansuriy esa xalq orasida “Futbol bo‘yicha jahon chempionati hukumati” deb ataladigan tashkilotga rahbarlik qiladi. U 2023-yil sodir bo‘lgan vayronkor zilzila oqibatiga qarshi kurashda yetakchilik fazilatini namoyon etgan.
Ayrim kuzatuvchilar fikricha, ushbu tayinlov muhim ramziy ma’noga ega. 2025-yil o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, Marokashda ham ayollarning jamiyatdagi o‘rniga munosabat ijobiy tomonga o‘zgarmoqda. Mansuriy ayni jarayonni tezlashtirishi mumkin.
Abdug‘ofir Mamatov, O‘zA