Ayrim davlatlar Makka kelishuvidan xavotirga tushishi asoslimi?
5-oktabr kuni Ar-Riyodda Makka kelishuvi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Siyosat va mudofaa qo‘mitasi favqulodda yig‘ilishidan so‘ng Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston qo‘shma bayonot e’lon qilgan. Hujjatda tomonlar jamoaviy himoyaga sodiqlikni yana bir bor tasdiqlagan. Shuningdek, Makka, Madina va Saudiyaning boshqa shaharlari, fuqarolik nishonlari hamda iqtisodiy majmualariga uyushtirilgan hujumlar qoralangan.
Tomonlar kelishilgan harbiy kontingent va imkoniyatni ta’minlash, tezkor ravishda Saudiyaga qo‘shin joylashtirish ko‘zda tutilgan jamoaviy mudofaa majburiyatini darhol amalga oshirishni boshlashga kelishib olgan.
Makka kelishuvi mintaqadagi boshqa davlatlar, jumladan Eron yoki Isroilni
xavotirga solishi mumkinmi?
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an ta’kidlashicha, mudofaa shartnomasi Eron yoki Isroilga qarshi qaratilmagan. Yig‘ilish arafasida u “Newsweek” nashriga intervyu berib, masalaning shu jihatiga alohida e’tibor qaratgan.

– Ushbu shartnoma yanada xavfsiz, tinch va farovon kelajak qurish yo‘lidagi umumiy mas’uliyatimiz ifodasidir, – degan Erdog‘an.
Uning ta’kidlashicha, hujjat BMT Nizomi 51-moddasida mustahkamlangan o‘zini himoya qilish huquqiga asoslangan. Ya’ni, uch davlatdan biriga qurolli hujum barcha tomonlarga qilingan tahdid sifatida baholanadi. Yordam shakli vaziyatdan kelib chiqib tanlanadi: razvedka va logistikadan harbiy ishtirokkacha.
Pokiston Axborot vazirligi “Reuters” agentligining Islomobod o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi Makka kelishuvi doirasida Saudiyaga 30 000-40 000 askar yuborishi to‘g‘risidagi xabarni inkor etdi. Shu bilan birga Islom Respublikasi Podshohlik xavfsizligini ta’minlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Tarqalgan tafsilot esa noto‘g‘riligini ta’kidlab, odamlarni noma’lum manbalarga asoslangan axborotdan qochish, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa idoralardagi rasmiy manbalarga tayanishga chaqirdi.

– Soxta raqam va ma’lumotni o‘ylab topmay, savolni tegishli rasmiy manzillarga yo‘naltirish kerak, – deyilgan bayonotda.
Pokiston tashqi ishlar vaziri Ishoq Dar aytishicha, Makka Mudofaa alyansiga yana 6 davlat qo‘shilish istagini bildirgan. Tegishli mamlakatlar nomi esa oshkor qilinmagan.
– Bitim to‘liq ishga tushgandan so‘ng yangi a’zolar qo‘shilishi mumkin, jarayon bir yilgacha davom etadi, – deyilgan shu haqdagi xabarda.
Qatar hukumati ayni masalaga munosabat bildirib, Alyansiga a’zo bo‘lish masalasi kun tartibiga qo‘yilishiga hali ertaligini ta’kidladi.

– Qatar mintaqa mamlakatlari, jumladan Makka ittifoqi xavfsizlik, suverenitet va hududiy yaxlitlikni saqlab qolish uchun ko‘targan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi, – dedi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Ommaviy axborot vositalari va kommunikatsiya departamenti direktori Al-Hoshimiy. – Faqat Qatar ushbu ittifoqqa qo‘shilishi haqida gapirishga hali erta.
Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur mudofaa shartnomasi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlaydi. Shuningdek, diplomat Doha Podshohlikning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini saqlab qolish uchun zarur har qanday chora bo‘yicha Ar-Riyodni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
S.Rahimov, O‘zA