Markaziy Osiyoda yagona (+video)
Dunyoda kafel ishlab chiqaruvchi korxonalar ko‘p. O‘zbekistonning o‘zida bu mahsulot 47 ta korxonada yetkazib berilmoqda. Ammo yuqori sifatli, katta o‘lchamdagi keramogranit ishlab chiqaruvchilar soni juda kam.
Yaqinda faoliyatini boshlagan “Crown Ceramic” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida 400 nafar ishchi o‘rni yaratildi. Uning loyiha qiymati 70 mln.dollar edi. Huddi shuncha mablag‘ investitsiya sifatida o‘zlashtirildi. Bu yerda yiliga 8 million kvadrat metr keramogranit plita ishlab chiqariladi. U 1 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlash, 665 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratish va 35 mln.dollarlik eksportni amalga oshirish imkoniyatiga ega.


Bu korxona Markaziy Osiyoda yagona. Chunki uning mahsulotidagi mustahkamlik darajasi juda yuqori. Shuning uchun ham xorijiy xaridorlar avvaldan pulini to‘lab navbatda turishibdi. Masalan, mana bu maydondagi plitalar Qozog‘istonga jo‘natilmoqda.


Biz mustahkamligi jihatidan eng yuqori ko‘rsatkichga ega keramogranit plitalar xaridorgirligini aytdik. Quvasoydagi “Crown Ceramic” ochilgunga qadar aslida O‘zbekiston ham uning importyori edi.

–2025-yilda O‘zbekistonga 45 mln.dollarlik keramogranit import bo‘lgan. Biz uning o‘rnini to‘ldirish uchun Italiya, Ispaniya, Xitoy mahsulotlari sifati darajasida keramogranit ishlab chiqaryapmiz, – deydi “Crown Ceramic” O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma korxonasi rahbari Boburjon Sultonaliyev. – Rossiya, Qozog‘iston, Tojikistonga eksport ham qilyapmiz. Kelajakda Yevropa bozoriga chiqmoqchimiz. Hozir Yevrosertifikat olish jarayoni davom etyapti.
Mahsulot sifatini sun’iy intellekt nazorat qiladi. Har bir donasining o‘lchamini va sifatini sun’iy intellekt lazer yordamida tekshiradi.

– Mahsulot tannarxi arzon. Sababi xomashyo Quvasoyning o‘zidan olinadi. Bu Isfayramsoy irmoqlaridagi oddiy toshlardir. Yana Angren koalini qo‘shiladi, – deydi Boburjon Sultonaliyev.
– O‘zbekistondagi xorijiy investorga yaratilgan sharoit va Quvasoydagi imkoniyatlar bizga kuch-quvvat beradi. Biz O‘zbekistondagi boshqa turdosh korxonalar mutaxassislari malakasini oshirishda yordam beramiz, – deydi xitoylik investor Siang Ching Jang.
Hozircha 30 nafar xitoylik ishchi va mutaxassislar bor korxonada. Ular usta-shogird usulida mahalliy yoshlarni o‘rgatishmoqda. Ikki yilda korxonadagi ishchilar yuz foiz mahalliy yoshlardan iborat bo‘ladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/K7sZxgIJhRA" title="Markaziy Osiyoda yagona" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA