Markaziy Osiyo chegaralari xavfsizligini mustahkamlash yo‘lida mintaqaviy hamkorlik
Toshkentda Markaziy Osiyo chegaralari xavfsizligini mustahkamlash va qurol-yarog‘ hamda portlovchi moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy kinologik o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi.
2026-yil 5-9-oktabr kunlari Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) tomonidan Toshkent shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi bazasida «Qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni aniqlash» mavzusida besh kunlik maxsus mintaqaviy o‘quv kursi tashkil etildi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va mezbon mamlakat — O‘zbekistondan chegara xavfsizligi va bojxona organlarining 15 nafar xodimi ishtirok etdi.


Bir haftalik intensiv o‘quv dasturi noqonuniy olib o‘tilayotgan o‘qotar qurollar, an’anaviy o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni aniqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari kinologiya bo‘linmalarida instruktorlar salohiyatini oshirish hamda faoliyatni baholashning yagona mezonlarini joriy etish masalalari kun tartibining markazidan joy oldi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida hidlarning tarqalish xususiyatlari, begona hidlar ta’sirining oldini olish usullari, havo oqimlarini tahlil qilish hamda turli murakkab sharoitlarda, jumladan, transport vositalarini tekshirish va odamlar gavjum joylarda qidiruv ishlarini tizimli tashkil etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, o‘quv jarayoni xizmat itlarining parvarishi, ularda stress belgilarini aniqlash va sog‘lig‘ini muhofaza qilish orqali xizmat vazifalarini bajarishga doimiy shayligini ta’minlashga qaratilgan maxsus modullari asosida tashkil qilindi.
Kinologik faoliyatga oid amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirish bilan bir qatorda, ishtirokchilar idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va davlatlar o‘rtasida tezkor axborot almashinuvini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Qo‘shma mashg‘ulotlar va tajriba almashish jarayonida standart operatsion tartib-taomillarni o‘zaro muvofiqlashtirish choralari ko‘rildi. Bu esa mintaqaviy miqyosda tezkor ma’lumot almashinuvini takomillashtirish hamda kontrabanda tarmoqlariga qarshi kurashish va davlat chegaralarida ularning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yish tadbirlarini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.


– Ushbu seminar davomida o‘rnatilgan professional aloqalarni izchil rivojlantirish zarur deb hisoblaymiz, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi direktori, polkovnik Farrux Qahhorov. – Tajriba almashishni davom ettirish, qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish, xizmat itlari va kinologlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining tegishli idoralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Bularning barchasi pirovardida butun mintaqamiz xavfsizligini mustahkamlashning ishonchli poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen usbu o‘quv mashg’uloti yuzasidan quyidagilarni qayd etdi:
– YXHT chegara va bojxona xizmatlariga umumiy xavfsizlik muammolarini hal etishda yo‘lidagi amaliy hamkorlikni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu o‘quv kursi orqali biz o‘zbekistonlik instruktorlarning Buyuk Britaniyada olgan ilg‘or bilim va tajribalarini Markaziy Osiyoning barcha besh mamlakatidagi hamkasblari bilan bo‘lishishiga ko‘maklashdik. Shu tariqa, o‘quv mashg‘ulotlarining ijobiy natijalari butun mintaqa farovonligi va xavfsizligiga xizmat qilmoqda.


Mazkur kurs YXHTning «O Afg‘onistondan kelib chiqadigan transchegaraviy muammolarga qarshi kurashishda O‘zbekistonning barqarorligini mustahkamlash» nomli budjetdan tashqari loyihasi doirasida Germaniya, Shvetsiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Finlyandiya va Fransiya davlatlarining moliyaviy ko‘magida tashkillashtirildi.
O‘zA