Ma’rifatli ayol – mustahkam oila tayanchi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida “15-may – Xalqaro oila kuni” munosabati bilan “Oilamiz-kelajagimiz” oyligi doirasida “Ma’rifatli ayol – mustahkam oila tayanchi” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Oliygohning “Xotin-qizlar maslahat kengashi” tashabbusi bilan tashkil etilgan muloqotda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Nigora Kutlimuratova, universitet rektori Feruza Madrahimova, “Xotin-qizlar maslahat kengashi” raisi Jamila Ermetova, viloyat “Ma’rifatli ayollar” kengashi raisi Sayyora Samandarova hamda universitetning olima ayollari ishtirok etdi.
Tadbir davomida oilaviy qadriyatlarni asrash va mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, yoshlar tarbiyasida oilaning o‘rni, ilm-fan va innovatsiyalar rivojida ayollarning ishtiroki hamda oilaviy farovonlikni ta’minlashda ta’lim va hamjamiyat hamkorligining ahamiyati yuzasidan dolzarb masalalar muhokama qilindi.
[gallery-29370]
Rektor Feruza Madrahimova oilaviy farovonlikni ta’minlashda oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy mas’uliyati muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Shuningdek, talaba-qizlarning hayotiga befarq bo‘lmaslik, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashida hamkorlikdagi tashabbuslar va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Davra suhbatida olima ayollar ilm-fan yo‘lidagi yutuqlari, tajribalari va izlanishlari haqida taqdimot qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Xotin-qizlar kengashi” a’zolari tomonidan tayyorlangan universitet olima ayollarining xorijiy tajriba va taassurotlari jamlangan “Mukammallik sari” risolasi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbiri