Marhamatning obod mahallalari
Shu kunlarda yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Marhamat tumani mahallalarida ham obodonlashtirish, mahalla infratuzilmasi – yo‘llar, ichimlik suvi, elektr energiyasi ta’minoti hamda aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Birgina “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2026-yil birinchi mavsumida tumandagi ichki yo‘llarni asfaltlash bo‘yicha umumiy qiymati 9 milliard 878 million so‘m bo‘lgan 6 ta loyiha g‘olib deb topilgan edi. Ana shu loyihalar doirasida buyurtmachi tashkilot – “Andijon mintaqaviy yo‘llar” davlat unitar korxonasi tomonidan O‘qchi, Ko‘tarma, Qo‘rg‘oncha, Oqbosh, Qushchi, Shahriston mahallalarining 24 kilometr uzunlikdagi ichki ko‘chalari asfaltlandi.
Tumandagi qariyb 4 ming nafar aholi istiqomat qilayotgan O‘qchi mahallasi o‘tgan yili "Og‘ir mahalla" toifasiga kiritilgan edi. Mahallani og‘ir toifadan chiqarish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanib, amaliy ishlar olib borildi. Natijada qisqa vaqt ichida mahalla infratuzilmasi tubdan yangilanib, aholi uchun yanada qulay yashash muhiti yaratildi.


Xususan, mahallaning Katta O‘qchi, Toshloq-2, Bozorboshi, Beshkal ko‘chalarida har bir xonadonga ichimlik suvi kirib bordi, elektr energiyasi ta’minoti yaxshilandi. Belgilangan dasturlar doirasida 6,8 kilometr ichki yo‘llari asfaltlandi. Bir paytlar chang-tuproq va loy bo‘lgan ko‘chalar bugun ravon yo‘llarga aylandi. Bu kabi o‘zgarishlardan kattayu kichik behad mamnun.
– Yurtimizning eng chekka hududlarida ham katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligidan qalbimiz faxrga to‘ladi, – deydi “O‘qchi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Odinaxon Hakimova. – Mahallamiz tumanning chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Lekin bu yerdagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar mahalla ahlini cheksiz quvontirmoqda.


Mahalla ahli ana shu xayrli ishlarga befarq emas. Odamlar bir yoqadan bosh chiqarib, xonadon, ko‘cha va guzarlarni obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etmoqda. Xususan, yangi asfaltlangan yo‘llarning chetlarini betonlash, yo‘l yoqalarini tartibga keltirish, hududni yanada ko‘rkam va ozoda qilish ishlari mahalla faollarining tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Bu esa mahallada hamjihatlik, birdamlikni, shu bilan birga, ularning qalbida daxldorlik va shukronalik tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda.

Shuningdek, tumandagi G‘afur G‘ulom mahallasida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Shu kunlarda mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, hududning zamonaviy qiyofasini shakllantirish hamda aholi uchun qulay va farovon turmush sharoitini yaratishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Xususan, ichki yo‘llarni tartibga keltirish, yo‘l yoqalarini obodonlashtirish, ariq-zovurlarni tozalash, hududni ko‘kalamzorlashtirish hamda sanitariya holatini yaxshilash borasida amaliy ishlarda kattayu kichik faol qatnashmoqda. Olib borilayotgan sa’y-harakatlar mahallaning yanada obod, fayzli maskanga aylanishiga xizmat qilmoqda
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari