Kun sovimoqda — bog‘cha va maktablar mavsumga tayyormi?
Yurtimizning har bir hududida ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qishga tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida olib borayotgan o‘rganishlari davomida ayni masalalarga ham alohida e’tibor qaratishmoqda.
Ayniqsa, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarining kuz-qishga shayligi, sovuq kunlarda xona va sinflarni, sport zallarini isitish uchun ko‘rilayotgan tayyorgarlik holatlari xalq vakillarining e’tibor markazida bo‘lmoqda.
Jumladan, deputat Noiba Inoyatova Qarshi shahridagi 28-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, qish mavsumida mazkur ijtimoiy ob’ektning barqaror ishlashi, bolajonlarga yaratilgan shart-sharoitlar, ekologik tarbiyaning yo‘lga qo‘yilgani kabi masalalarni o‘rgandi.

360 o‘rinli ushbu ta’lim tashkilotida 12 ta guruhda 245 nafar bola tarbiyalanmoqda. Sovuq kunlarda bolalarga qulay va issiq sharoit yaratish ularning salomatligini asrashda muhim.
Shu bois, deputat isitish tizimlarining belgilangan qoidalar asosida samarali ishlashi masalasini MTT mutasaddilari bilan muhokama qildi. Shuningdek, gaz va isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish, nosoz uskunalarni ishlatish, mo‘rilarni o‘z vaqtida tozalamaslik hamda shamollatish tizimlarining sozligiga yetarlicha e’tibor bermaslik jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi qayd etildi.
Yana bir deputat O.Otamurodov Gurlan tumani 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabida olib borgan o‘rganishlari davomida o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, maktabning moddiy-texnik bazasi hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini ko‘zdan kechirdi. Maktabdagi ko‘mir zaxirasi va uning saqlanish holatiga alohida e’tibor qaratildi.

540 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur maktabda bugungi kunda 702 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Olis hududlardan, jumladan, 6 kilometr uzoqlikdan qatnab ta’lim oladigan o‘quvchilar uchun maktab filiali tashkil etilgan.
Xalq vakili o‘quvchilar uchun qulay ta’lim sharoitlarini yaratish, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish va mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirdi.
Nurota tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabida bo‘lgan deputat Botirali Shodiyev ham ta’lim muassasasining 2026-2027-yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatiga alohida e’tibor qaratdi. 330 o‘rinli mazkur ta’lim muassasasida ayni paytda 157 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. O‘quvchilarga 26 nafar pedagog ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

O‘rganish davomida ta’lim muassasasining qish mavsumida barqaror faoliyat yuritishi, sinfxonalarida o‘quvchilar uchun munosib haroratni ta’minlash, isitish tizimining holati hamda zarur yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA