7 yoshli shaxmatchimiz chempionlik ostonasida
Rossiya Federatsiyasining Tula viloyatida shaxmat bo‘yicha 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan 20-Osiyo chempionatining ortda qolgan 8-tur musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Muhammadyusuf Bahromov 7 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi bahsda qora donalarda shri-lankalik Sadesh Teshan Fernandoni mag‘lub etdi.
Ushbu g‘alabadan keyin iste’dodli shaxmatchimiz Muhammadyusuf Bahromov 7 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlikni qo‘lga kiritdi.
Bugun, 8-oktabr kuni qit’a chempionatining so‘nggi 9-turida yosh Muhammadyusuf oq donalarda 5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 5-o‘rinda borayotgan rossiyalik Vladimir Karayevga qarshi dona suradi.

Qit’a chempionligi uchun Muhammadyusuf Bahromovga raqobat ko‘rsatayotgan hindistonlik Dxaranipatiya Ximalan so‘nggi turda rossiyalik Roman Yanovskiy bilan kuch sinashadi. Kecha o‘tgan 8-tur musobaqasida Hind shaxmatchisi oq donalarda qozog‘istonlik Alinur Bauyurxanga yutqazib qo‘ydi.

12 ta mamlakatning yosh aql gimnastikachilari dona surayotgan mazkur qit’a chempionatining bugun o‘tadigan oxirgi tur o‘yinlarida g‘oliblik uchun kurash aynan hamyurtimiz Bahromov va Ximalan o‘rtasida kechadi.
Ushbu turda Bahromov rossiyalik raqibini mag‘lub etsa, Hindiston-Rossiya shaxmatchilari o‘rtasidagi o‘yin qanday natija bilan yakunlanishidan qat’i nazar Osiyo chempionligi O‘zbekiston vakiliga nasib etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA