Maqom kechasi dillarga surur bag‘ishladi
Uchinchi xalqaro maqom anjumani oldidan Namangan viloyatining Namangan tumanidagi Yozgi amfiteatrda milliy musiqa va maqom san’atiga bag‘ishlangan “Mumtoz navolar” kechasi o‘tkazildi.
Yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tgan ushbu madaniy tadbirda tuman hokimi Sadriddin Mo‘minov mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasiga qaratilayotgan e’tibor, milliy merosimizni asrab-avaylash hamda uni kelajak avlodga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar maqom san’ati rivoji misolida o‘z samarasini berayotganligini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, o‘zbek milliy musiqa merosining eng yuksak va nodir namunalaridan biri sanalgan maqom san’ati xalqimizning asrlar davomida shakllangan ma’naviy dunyosi, estetik qarashlari va badiiy tafakkurining yorqin ifodasidir. Maqom nafaqat musiqiy janr, balki milliy madaniyatimizning ajralmas qismi, xalqimizning tarixiy xotirasi va ruhiy boyligini o‘zida mujassam etgan bebaho meros hisoblanadi.

Asrlar davomida “Ustoz-shogird” an’analari asosida sayqal topgan maqom san’ati hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. U inson qalbiga nafosat, ezgulik va ma’naviy kamolot tuyg‘ularini baxsh etib, milliy qadriyatlarimizni asrash va kelajak avlodga yetkazishda muhim o‘rin tutadi.
Kechada maqom va mumtoz qo‘shiqlar ijro etilib, san’atkorlarning jonli chiqishlari tomoshabinlarga unutilmas taassurot ulashdi. Milliy ohanglar, dilbar navolar va mahoratli ijrolar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Ayniqsa, maqom san’atining teran mazmuni, ma’naviy qudrati va inson qalbiga yaqinligi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Zero, bunday tadbirlar maqomning milliy madaniyatimizdagi o‘rnini yuksaltirish hamda maqom san’atining boy va sermazmun olamini anglashga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA