Ma’naviyat va madaniyat sinovi: Samarqanddagi voqea jiddiy savollarni o‘rtaga tashladi
Samarqand — tarix, tamaddun, ma’rifat va yuksak madaniyat timsoli. Registon maydoniga qaragan inson bu zaminda asrlar davomida ilm-fan, me’morchilik va ma’naviyat qanday yuksalganini his etadi. Bu yerga kelgan har bir mehmon ajdodlarimiz qoldirgan buyuk merosdan hayratlanadi.
Ammo kuni kecha Samarqandda yuz bergan bir voqea ana shu ulug‘vor manzara qarshisida jamiyatimiz uchun noxush savollarni o‘rtaga tashladi. Dunyoga mashhur bloger MrBeast — Jimmi Donaldsonning Samarqandga tashrifi katta qiziqish uyg‘otdi. Uni ko‘rish, suratga tushish istagida juda ko‘p odamlar to‘plandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda olomonning bloger atrofini o‘rab olishi, avtomobillar ortidan yugurishi, harakatlanish uchun joy qoldirmasligi aks etdi. Xavfsizlikni ta’minlash qiyinlashgach, blogerning tashrifi rejalashtirilganidan ertaroq yakunlandi. Bu haqda qator ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: biz o‘zimizni qanday tutishni unutdikmi?
Mashhur insonni ko‘rishga qiziqish — tabiiy hol. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali ulg‘aygan avlod uchun millionlab obunachilarga ega bloger bilan yuzma-yuz kelish katta voqea bo‘lishi mumkin. Yoshlarning qiziqishini tushunish kerak. Ammo tushunish — har qanday xatti-harakatni oqlash degani emas.
Bir inson bilan suratga tushish istagi qachon boshqalarning haq-huquqini unutishga olib keladi? Qachon havas o‘zini nazorat qila olmaslikka aylanadi? Qachon shaxsiy qiziqish jamoat xavfsizligidan ustun qo‘yiladi? Afsuski, Samarqanddagi manzaralar shu savollarga jiddiy qarashimiz lozimligini ko‘rsatdi.
Yig‘ilgan odamlar orasida bolalar va o‘smirlarning ko‘pligi, ayrimlarining avtomobillar ortidan yugurishi, odamlarning bir-birini turtib, xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishi - jamoat joyida o‘zini tutish madaniyati, xavfsizlikka munosabat va tarbiyaviy mas’uliyat haqida o‘ylashga majbur qiladigan holat.
Madaniyat faqat chiroyli kiyinish, chet tillarida gapirish yoki zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bilan o‘lchanmaydi. Madaniyat — o‘zgalarning hududini hurmat qilish, navbat kutish, xavfni anglash, o‘zini tiyish va jamoat manfaatini shaxsiy xohishdan ustun qo‘ya bilish. Agar inson o‘z istagini qondirish uchun boshqalarning xavfsizligini unutsa, uning qancha zamonaviy gadjet ishlatishi yoki nechta blogerni tanishi emas, aynan shu paytdagi xatti-harakatlari uning madaniyatini namoyon qiladi.
Bugungi yoshlar axborot oqimida yashamoqda. Ular dunyoning istalgan nuqtasidagi mashhur insonni kuzatishi, uning hayoti, yutuqlari va loyihalaridan xabardor bo‘lishi mumkin. Buning ijobiy tomonlari ko‘p. Internet yoshlarga bilim olish, yangi kasblarni o‘rganish, o‘z iste’dodini namoyon qilish va xalqaro maydonga chiqish imkonini bermoqda.
Biroq, masalaning boshqa tomoni ham bor. Ommalashgan har qanday narsani qadriyat deb qabul qilish, mashhurlikni muvaffaqiyatning yagona mezoniga aylantirish, virtual olamdagi qahramonlarga haddan tashqari ergashish xavfi. Nega ayrim yoshlar millionlab odamlar kuzatadigan blogerni ko‘rish uchun soatlab kutishga, hatto xavfli vaziyatlarga kirishga tayyor, ammo kitob o‘qish, ilm o‘rganish, kasb egallash yoki o‘z mahoratini oshirish uchun shunchalik g‘ayrat ko‘rsatmasligi kerak?
Bu savolni qo‘yish — yoshlarning barchasini ayblash degani emas. Aksincha, ularning qiziqishlari qanday shakllanayotgani, nimalarga intilayotgani va biz ularga qanday namuna ko‘rsatayotganimiz haqida xolis fikr yuritish demak. Chunki bugungi o‘smir ertaga jamiyatning faol a’zosi, mutaxassis, ota-ona va rahbar bo‘ladi. Uning bugungi odatlari ertangi ijtimoiy muhitga ta’sir ko‘rsatadi.
Biz yoshlarimizdan faqat intizom talab qilish bilan cheklanmasligimiz kerak. Ularda intizomning ma’nosini anglash, o‘z harakatining oqibatini oldindan ko‘ra bilish, ommaviy hayajonga berilmaslik va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini ham shakllantirishimiz zarur. Voqeaga faqat yoshlarning odobsizligi nuqtai nazaridan baho berish masalaning muhim jihatlarini chetda qoldiradi.
Yirik auditoriyaga ega mashhur shaxsning tashrifi, ayniqsa, uning qayerda bo‘lishi haqidagi xabarlar tez tarqaladigan sharoitda oldindan puxta tayyorgarlikni talab qiladi. Odamlar oqimini boshqarish, xavfsiz masofani belgilash, transport harakatini tartibga solish, ehtimoliy tiqilinchlarning oldini olish va jamoatchilikka aniq axborot berish muhim.
Shu sababli Samarqanddagi voqeadan tashkiliy xulosalar ham chiqarilishi lozim. Tashrifni muvofiqlashtirishda kimlar qanday vazifani bajargani, xavfsizlik choralari qay darajada yetarli bo‘lgani va bunday holatlar takrorlanmasligi uchun nimalarni o‘zgartirish kerakligi xolis tahlil etilishi maqsadga muvofiq.
Bolalarni nazoratsiz qoldirish, ularning xavfli vaziyatlarga kirib borishiga beparvo qarash ham jiddiy muammo. Farzandning qayerga ketayotgani, kim bilan yurgani va ommaviy tadbirda o‘zini qanday tutishiga e’tibor berish — ota-onaning muhim mas’uliyati.
Demak, bu voqea faqat bir guruh o‘smirlarni tanqid qilish uchun emas, balki oila, ta’lim muassasalari, tashkilotchilar va jamoatchilikning umumiy mas’uliyatini muhokama qilish uchun ham asos bo‘la oladi.
Samarqandga dunyoning turli mamlakatlaridan sayyohlar tarixiy obidalarni ko‘rish, ajdodlarimiz merosi bilan tanishish va o‘zbek xalqining mehmondo‘stligini his qilish uchun keladi. Bu shaharning har bir ko‘chasi, har bir obidasi o‘zbek xalqining madaniy qiyofasi haqida tasavvur uyg‘otadi.
Mehmondo‘stlik — bebaho fazilat. Ammo mehmondo‘stlik bilan nazoratsiz olomonni, samimiy qiziqish bilan boshqalarga bosim o‘tkazishni adashtirmasligimiz kerak. Mehmonni hurmat qilish — uning atrofini o‘rab olish yoki yo‘lini to‘sish emas, balki uning xavfsizligini, shaxsiy hududini va erkin harakatlanish huquqini ham hurmat qilishdir.
Agar biz tarixiy shahrimizga kelgan mehmonni ajdodlarimiz merosi bilan hayratlantirishni istasak, o‘z xulqimiz bilan ham namuna bo‘lishimiz shart. Zero, tarixiy obidalar bizning o‘tmishimizni ko‘rsatsa, jamoat joylaridagi xatti-harakatlarimiz bugungi ma’naviy qiyofamizni namoyon etadi.
MrBeast tashrifi O‘zbekistonni xalqaro auditoriyaga tanitish uchun katta imkoniyat bo‘lishi mumkin edi. Biroq, tashrif atrofidagi tartibsizliklar ana shu imkoniyatdan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu holatdan afsuslanishning o‘zi kifoya emas. Muhimi, kelgusida bunday vaziyatlarda zarur tashkiliy va ma’naviy tayyorgarlikni kuchaytirish.
Yoshlarning qiziqishlarini taqiqlash, ularni zamonaviy dunyodan uzib qo‘yish bilan muammoni hal etib bo‘lmaydi. Mashhur blogerni tanish, uning ijodidan zavqlanish ayb emas. Ammo mashhurlikka ko‘r-ko‘rona ergashish, o‘z xavfsizligi va o‘zgalarning huquqlarini unutish, ommaning harakatiga ongsiz ravishda qo‘shilish — jiddiy mulohaza talab qiladigan holat.
Maktabda odob-axloq haqidagi suhbatlar hayotdan uzilgan nasihat bo‘lib qolmasligi kerak. Oilada esa tarbiya faqat «bunday qilma» degan buyruqlar bilan cheklanmasligi lozim. Bolalarga jamoat joyida o‘zini tutish, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, axborotni tanqidiy baholash va boshqalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish amaliy misollar orqali o‘rgatilishi zarur.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar ham bu kabi voqealarni shunchaki shov-shuvli videolar sifatida tarqatish bilan cheklanmasdan, ularning sabablari va saboqlarini muhokama qilishga hissa qo‘shishi kerak. Eng muhimi, yoshlarga munosib namuna ko‘rsatishimiz shart. Kattalarning o‘zi qoidalarga amal qilmasa, o‘zgalarni hurmat qilmasa, jamoat mulkiga beparvo bo‘lsa, yoshlardan yuksak madaniyat kutish qiyin.
Samarqanddagi voqea biz uchun noxush taassurot qoldirgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu hodisa jamiyatimizdagi ayrim muammolarni ko‘rish, ularni ochiq muhokama qilish va bartaraf etish uchun saboq bo‘lishi lozim. Bizga dunyoning mashhur blogerlari kelishi, mamlakatimizning tarixiy shaharlariga xalqaro e’tibor qaratilishi kerak. Lekin bunday e’tiborga munosib bo‘lish uchun faqat go‘zal obidalar, zamonaviy binolar va keng ko‘chalarning o‘zi yetarli emas. Yuksak madaniyatli insonlar, puxta tashkilotchilik va jamoat mas’uliyati ham zarur.
Zero, millatning obro‘si faqat uning tarixida emas, bugungi xulqida ham namoyon bo‘ladi. Registonning salobati, Amir Temur va Mirzo Ulug‘beklar nomini iftixor bilan tilga olishimiz bizning zimmamizga muayyan ma’naviy mas’uliyat yuklaydi.
Bir savol tug‘iladi: biz farzandlarimizga faqat mashhur bo‘lishni o‘rgatyapmizmi yoki mashhurlikdan ham ustun turadigan insoniylik, odob va mas’uliyatni ham singdiryapmizmi?Bu savolga javobni balandparvoz shiorlardan emas, har kungi tarbiyamizdan, jamoat joylaridagi xatti-harakatlarimizdan va yoshlarimizga ko‘rsatayotgan namunamizdan izlashimiz lozim.
Nurillo Nasriyev,
O‘zA